Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida sud-huquq islohotlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadigan muhim o‘zgarishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, 2021 yil boshidan amaliyotga joriy etilgan sud-huquq islohotlari Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan edi.

Sud sohasiga joriy etilgan o‘zgarish va yangiliklarga to‘xtaladigan bo‘lsak, farmon bilan viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar birlashtirildi.

Hozirga qadar esa alohida sudlar faoliyat yuritishi turli xarajat va shtatlarni talab etar edi. Lekin eng asosiysi bu emas. Balki har bir sudya ko‘radigan ishlar soni qaysidir sudlarda ko‘p va qaysilaridadir kam edi. Bu esa fuqarolarga ham ayrim noqulayliklar tug‘dirgan.

Mazkur sudlar birlashtirilib, sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha har bir viloyatda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida alohida sudlov hay’atlarini tashkil etildi.

Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar  tashkil etildi. Shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolindi.

Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazish belgilanmoqda.

Hozirgacha mavjud bo‘lgan 199 ta tuman (shahar) ma’muriy sudlarining o‘rniga tumanlararo ma’muriy sudlarning tashkil etilishining asosiy sababi shundaki, bugungacha ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlarning o‘rta hisobda 90 foizini ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar tashkil etar edi. Jumladan, Oliy sud (stat.sud.uz) ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 9 oyi mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan birinchi instansiya tartibida 286 ming 772 ta ma’muriy huquqbuzarlik, 25 ming 550 ta material va 12 ming 159 ta ommaviy nizo, jami 324 ming 481 ta ish (material)lar ko‘rib hal etilgan.

Ko‘rinib turibdiki, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga qaytarilishi ma’muriy sudlarning ma’lum ma’noda optimallashtirilishini taqozo qilmoqda.

Biroq, masalaning yana bir jihati shundaki, endi ma’muriy sudlar rivojlangan davlatlar (misol uchun Germaniya) ilg‘or tajribasida mavjud bo‘lgani kabi ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga yanada kuchliroq ixtisoslashishiga imkon bo‘ladi. Bu esa yangi O‘zbekistonning tanlagan yo‘li, ya’ni ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlar sohasida fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishiga bundan keyin ham katta e’tibor qaratilishini anglatadi.

Sudyalar maqomini kuchaytirishga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, barcha sudyalar va sud apparati xodimlarining ish haqi va qo‘shimcha to‘lovlari to‘liqligicha davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga o‘tkazildi. Shuningdek, sudyalarga nisbatan intizomiy ish faqat sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan qo‘zg‘atilishini nazarda tutgan holda, sudyalarning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirildi hamda sudyalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi yanada aniqlashtirildi.

Murojaatnomada ta’kidlab o‘tilgan muhim o‘zgarishlardan biri sifatida “bir sud – bir instansiya” tamoyilini ham keltirib o‘tish lozim. “Bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlashda bosh mezon bo‘lishi lozimligi Prezidentimiz tomonidan ta’kidlab o‘tildi.

Mazkur tamoyilga ko‘ra, tuman, viloyat va Oliy sud darajasida bir-birini qaytarmaydigan instansiyalar joriy etildi. Bu esa, misol uchun tumanlararo ma’muriy sudda birinchi instansiyada ko‘rilgan ish appelyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari tomonidan ko‘riladi. Keyingi instansiya sifatida kassatsiya tartibida ish Oliy sudda ko‘rilishi mumkinligini anglatadi.

Hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o‘zida ko‘rib chiqilar edi. Birgina 2019 yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan o‘zgartirilgan va bekor qilingan.

2021 yildan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirildi. Odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilindi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan muhim o‘zgarish va yangiliklar mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni bundan keyin ham izchil davom etishini anglatadi.

O‘ylaymizki, Murojaatnomada nazarda tutilgan muhim tashabbuslarning amaliyotga joriy etilishi bilan sudyalar mustaqilligi yanada kuchayadi, odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi oshadi, pirovardida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, tadbirkorlik subektlari himoyasi kuchayadi.

Jo‘rabek Nematov, 

 TDYUU “Ma’muriy va moliya huquqi”

 kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar doktori.

O‘zA