Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslardan kelib chiqib “Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili institutini joriy etish mexanizmlari” mavzusida videokonferensaloqa shaklida fraksiyalararo munozara o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutini joriy etish taklifini ilgari surdi. Ushbu vakil parlament quyi palatasi yig‘ilishlarida ishtirok etish, qabul qilinayotgan qonunlarga ta’sirchan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik masalalarini kiritish bo‘yicha takliflar berish vakolatiga ega bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Tadbirda Prezidentimizning mazkur taklifidan kelib chiqib Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bunday demokratik institutni tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Jumladan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev NNTlar faoliyatini rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Qonunchilik palatasi yig‘ilishlarida doimiy vakilning ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari normalari va talablarining ro‘yobga chiqarilishini o‘rganish, shuningdek, qabul qilinayotgan qonunlarning NNTlar faoliyatini amalga oshirishga ta’siri samaradorligini baholashni yo‘lga qo‘yish lozimligini bildirib o‘tdi.

O‘z navbatida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Umida Rahmonova Murojaatnomada ta’kidlangan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va NNTlar faolligigi oshirish masalalari bugungi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi ekani, bu partiyaning saylovoldi dasturida ilgari surilgan “Insonni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartirish” tashabbusini ham hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakilini siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan o‘tkaziladigan qonun loyihalari muhokamalariga jalb qilish yuzasidan takliflarni bildirib o‘tdi.

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Shohista Turg‘unova davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan takliflar jamiyatni yanada demokratlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyixalari birinchi o‘qishga kiritilgunga qadar parlament qo‘yi palatasidagi NNT vakilining xulosalarini va takliflarini qonun ijodkorlari tomonidan qabul qilish yoki asoslantirilgan ma’lumotlar taqdim etish bo‘yicha mexanizm yaratishni taklif etdi. Shuningdek, vakilni tanlab olishda Jamoatchilik palatasi vakillarini saylash bo‘yicha mexanizmlarni yaratish zarurligini aytdi.

Shundan so‘ng, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Gulbahor Saidg‘aniyeva barcha nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik huquqiy-demokratik va adolatli jamiyat qurishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.

Bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ular yordamida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, deputat Jamoatchilik palatasi tomonidan tanlanadigan Qonunchilik palatasidagi NNTlar vakilining qonun loyihalarini o‘qib takliflar berish jarayoniga jismonan ulgurishi hamda uning salohiyati yetarli bo‘lishi kerakligini hisobga olish bo‘yicha taklif berdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Mohira Xo‘jayeva bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari, ya’ni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, jamoat tashkilotlari jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirayotganini ta’kidlab, Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutining joriy etilishi sohadagi islohotlarni yangi pog‘onaga olib chiqishini aytib o‘tdi.

Tadbirda jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotida faol ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham so‘zga chiqib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA