2021 yilning 7 yanvari AQSH tarixida kamdan-kam ro‘y beradigan voqea bilan tarixda qoladigan bo‘ldi.

Shu kuni amaldagi prezident Donald Trampning ko‘p ming kishilik tarafdorlari Kapitoliy binosi oldida norozilik namoyishi uyushtirishdi. Ularning bir qismi bino ichiga bostirib kirgan. Bu yerda kongressmenlar saylovchilar kollegiyasi ovozini tasdiqlash va prezident saylovi natijalariga yakuniy nuqta qo‘yish uchun to‘planishgan edi. Saylovda Demokratik partiya nomzodi Jo Bayden g‘alaba qilgani ma’lum.

“CNN” tarqatgan xabarga ko‘ra, ushbu tartibsizlik va Kongress binosiga bostirib kirilishi 1814 yilgi Anglo-Amerika urushi chog‘ida britaniyaliklar hujumidan keyingi   AQSH tarixida ilk bor yuz berdi.

Ko‘plab amerikaliklar hodisani to‘ntarishga, isyonga tenglashtirib, kechayotgan voqealar uchun javobgarlikni amaldagi prezident zimmasiga yuklamoqda.

Dastlab AQSH senati namoyishchilar shovqini ostida o‘tayotgan majlisni kutilmaganda to‘xtatgan. Shundan keyin AQSH vakillar palatasi ham majlisni to‘xtatgan va kongressmenlar xavfsiz joyga ko‘chirilgan. Vitse-prezident Mayk Pens binoning xavfsiz joyiga olib o‘tilgan.

Nafaqat parlament a’zolari, hatto, saylovchilar ovozi qayd etilgan byulletenlar ham xavfsiz joyga ko‘chirildi, deyiladi xabarda.

Binoga kirishga muvaffaq bo‘lgan namoyishchilar o‘zlarini tinch tutishgan, selfi qilishgan va telefon bilan atrofni suratga olishgan.

Kongressmenlar bo‘lib o‘tayotgan voqealarni qoralab, namoyishchilarni tartibga chaqirgan.

“Zo‘ravonlik va anarxiya o‘tmaydi, biz qonun tomonidamiz. Bularning barchasi zudlik bilan to‘xtatilishi kerak”, – deya bayonot berdi senator Tom Kotton ijtimoiy tarmoqda.

AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi esa Milliy gvardiyadan Kapitoliy binosi va poytaxt Vashingtonni namoyishchilardan tozalashni so‘ragan.

Tramp Milliy gvardiyani Vashingtonda tartib o‘rnatish uchun jo‘natishga ko‘rsatma berdi.

U “Twitter” orqali har doimgidek o‘z uslubida tarafdorlariga murojaat qildi. Davlat rahbari Vashingtondagi nomoyishchilarni osoyishtalikka chaqirgan.

Avvalroq esa u o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilib, ulardan kongress binosiga borishni so‘ragan edi.

Bayden ham jim turgani yo‘q, albatta. U Vashingtondagi namoyishchilarni “demokratiyaga yo‘l berishga chaqirgan”.

Shundan keyin Tramp namoyishchilarga yangi da’vat bilan chiqdi va ularni tartib saqlashga chaqirdi.

“Bizda saylovni o‘g‘irlashdi, ammo sizlar hoziroq uy-uyingizga tarqalishingiz kerak. Qonun va tartib ustuvor bo‘lishi kerak. Hislaringizni hurmat qilaman, lekin uyga keting”, – degan Tramp o‘z videomurojaatida.

Kechga yaqin tartib posbonlari kongress binosini nomoyishchilardan tozalashga muvaffaq bo‘ldi.

Politsiya ma’lum qilishicha, norozilik namoyishi tufayli bir necha o‘n kishi hibsga olingan. Ushlanganlarning bari poytaxtga boshqa shtatlardan kelishgan ekan.

Vakillar palatasining demokrat a’zosi Ilxan Omar Vashingtondagi noroziliklar ortidan Donald Trampga ayblov e’lon qilish uchun hujjat tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

“Donald Tramp vakillar palatasi tomonidan iste’fogo chiqarilishi, senatorlar uni o‘z ofisidan haydashi kerak. Uning prezidentlik lavozimida qolishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, bu Respublikamizni saqlab qolish masalasidir. Biz qasamyodni bajarishimiz lozim”, – deb yozgan Omar o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Boshqa bir necha senator ham Trampning javobgarlikka tortilishini ma’qullamoqda. Mahalliy politsiya boshlig‘i Robert Konti tartibsizliklar natijasida to‘rt kishi halok bo‘lgani haqida ma’lum qildi. Bundan avvalroq AQSH harbiy havo kuchlarining veterani Eshli Bebbitt og‘ir jarohatlangani aytilgandi.

“Kapitoliydagi politsiyachilarning biri qurolidan binoga bostirib kirayotgan ayolga qarata o‘q uzgan. Mahalliy kasalxonaga yetkazilgan bo‘lsa-da, uning hayotini saqlab qolish iloji bo‘lmadi, deyiladi xabarda. Bundan tashqari, Kapitoliy oldida yana uchta o‘lim holati qayd etilgani ma’lm qilindi”, – dedi  Konti.

Ayni payt poytaxtda komendantlik soati joriy qilingan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Vashington meri Muriel Bauzer Trampni qo‘llab quvvatlab norozilik aksiyasi uyushtirilgani uchun favqulodda holatni yana 15 kunga uzaytirdi. Bu haqda shahar ma’muriyati saytida yozilgan.

Shahar meri chiqargan farmoyishga ko‘ra, favqulodda holat prezidentlikka saylangan Jo Baydenning inauguratsiyasi kunigacha davom etadi. Mamlakat konstitutsiyasiga binoan ushbu tadbir 20 yanvarda bo‘lib o‘tishi kerak.

Tabiiyki, AQSHda kechayotgan voqealardan xalqaro hamjamiyat, jahonning taniqli siyosatchilari xavotirga tushib, o‘z munosabatlarini bildirishmoqda.

Masalan, AQSH sobiq prezidenti Barak Obama Trampni zo‘ravonlik va yolg‘onchilikni rag‘batlantirishda aybladi. Yana bir sobiq prezident, respublikachi Jorj Bush bo‘layotgan voqealarni “isyon”, deb atadi.

Jumladan, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg amerika jamoatchiligini saylov natijalariga amal qilishga chaqirdi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian Vashingtonda bo‘layotgan voqealar demokratiyaga putur yetkazishini ta’kidlab, barchani Amerika xalqi tanlovini hurmat qilishga chaqirgan.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab AQSHda hukumatni zo‘ravonlik bilan topshirilishini oqlab bo‘lmaydi, dedi.

Germani tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarini Vashington markaziga, ayniqsa Kapitoliy tepaligiga bormaslikka chaqirdi. U yerda qurol ishlatilishi, otishma sodir etilishi mumkin, deyilgan bayonotda.

Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel ham AQSHda hukumat tinch yo‘l bilan Jo Baydenga o‘tishidan umidvor.

Internet materiallari asosida

Saidmurod RAHIMOV tayyorladi, O‘zA