Italiya A Seriyasining 16-turida “Jenoa” safarda “Sassuolo” klubi bilan kuch sinashdi.
“Jenoa”ning yangi murabbiyi Davide Ballardini Eldor Shomurodovni jamoadagi boshqa hujumchilardan kam emasligini tan olgan holda uni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.
Garchi uchrashuvda genuyaliklar mezbonlarga munosib qarshilik ko‘rsatishgan bo‘lsa-da, “Sassuolo” jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning 52-daqiqasida “Sassuolo” a’zosi Jeremi Boga hisobni ochgan bo‘lsa, oradan 12 daqiqa o‘tib, Eldor Shomurodov Paolo Gilone uzatgan to‘pni o‘ziniki qildi. Havodagi kurashda raqib himoyachisini yengib, boshi bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi.
Bu o‘zbek hujumchisining A Seriyadagi ikkinchi goli bo‘ldi. O‘yin yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganida Jakomo Raspadori “Sassuolo”ga qimmatli uch ochkoni keltirgan golni urdi – 2:1.
Garchi “Jenoa” durang natijani ushlab qololmagan bo‘lsa-da, Eldor Shomurodovga “Whoscored” tomonidan eng yuqori – 7,8 ball berildi. Ikkinchi ko‘rsatkich sohibi – “Sassuolo” futbolchisi Manuel Lokatelli 7,5 ball bilan baholandi.
Eslatib o‘tamiz, “Jenoa” klubi navbatdagi uchrashuvni 9 yanvar kuni o‘z maydonida “Bolonya”ga qarshi o‘tkazadi.