Senat yalpi majlisida senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

– 2020 yil so‘nggi kunlarida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi eng muhim voqea, bu davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasi bo‘ldi. Mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan ushbu tadbirda davlatimiz rahbari o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda bu yil oldimizda turgan katta vazifalar to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Murojaatnomada Prezidentimiz mamlakatimizda davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq eng asosiy yo‘nalishlar, barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari uchun ustuvor bo‘lgan vazifalarni aniq-tiniq belgilab berdi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis yuqori palatasining qator ustuvor vazifalari ham belgilab berildiki, ularning bajaralishini ta’minlash uchun biz oldimizda turgan vazifalarimizni, o‘z mas’uliyatimizni aniqlab olishimiz kerak.

Murojaatnomada belgilab berilgan chora-tadbirlarning huquqiy asoslarini yaratish, barcha sohalarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlar, ayniqsa byudjet (respublika va mahalliy) bajarilishining joylarda so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha parlament tomonidan samarali nazorat o‘rnatish, ularning to‘liq bajarilishiga erishish asosiy vazifalarimizdan biridir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deya e’lon qilindi. Bu ezgu g‘oya barcha inosnlarning yuragidagi, dilidagi orzu ekanligini yaxshi bilamiz. Umuman, yoshlar va sog‘liqni saqlash masalalari taraqqiyotimizning yangi davrida Prezidentimiz boshchiligidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga aylandi.

Bu siyosatning to‘g‘ri va asosli ekani pandemiya davrida o‘z isbotini topdi. Mazkur vazifalarning joylardagi ijrosi Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitalari, qolaversa hududlardagi har bir senator va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida bo‘lishi shart.

Xususan, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlash hamda Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish bo‘yicha faol ish olib borishimiz kerak. Bunda Qonunchilik palatasidan hujjatlar kelishini kutib o‘tirmasdan, hozirdanoq o‘z takliflarimizni shakllantirishimiz lozim, – dedi T.Norboyeva.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

– Joriy yilda ushbu yo‘nalishda ko‘plab loyihalarni amalga oshirish va katta miqdordagi mablag‘larni yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, pandemiyadan keyingi davrda ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishga alohida urg‘u berildi. Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi Senat devonining tegishli tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda ushbu vazifani amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi zarur.

Jumladan, mahalliy Kengashlardagi deputatlik korpusi bilan birga aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni manzilli o‘rganib borish maqsadga muvofiqdir.

Bunda kambag‘allikni qisqartirish ishlari nafaqat kredit berish, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan hal qilinishi, balki buning uchun sohalarni, muammolarni kompleks hal qilib borishga e’tiborni kuchaytirish zarur. Buning aniq yo‘llari Murojaatnomada batafsil bayon etilgan. Va bu masala eng asosiy, eng ta’sirchan masala bo‘lib, u bilan biz har kuni shug‘ullanishimiz zarur, – dedi Senat Raisi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA