O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha sohalarda erishilgan natijalar tahlil qilinib, kelgusidagi rejalar aytildi.

Jumladan, Xalq ta’limi vazirligining ham bajarilishi kerak bo‘lgan ko‘plab vazifalari belgilandi.

Bu haqda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov O‘zA muxbiriga  so‘zlab berdi.

– Prezident Murojaatnomada ta’lim tizimidagi islohotlar xususida alohida ta’kidlab o‘tdi, – deydi Rustam Karimjonov.– Unda xalq ta’limi tizimida keyingi ikki yilda elektron ta’lim tarmog‘ini yaratish uchun 250 milliard so‘m mablag‘ ajratish xususida gapirildi. Ushbu mablag‘lar maktablarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, maktabdagi ichki tarmoqlarni rivojlantirish, bolalarga zamonaviy bilimlarni o‘rgatish maqsadida sarflanadi.

Shu paytga qadar maktab ichki infratuzilmasini isloh qilish, keng rivojlantirish uchun byudjetdan bu kabi mablag‘ ajratilmagan edi. Bu o‘quvchilarning bilim olishini yanada yengillashtiradi,  ular zamon talabiga mos ravishda bilim oladi.

Shuningdek,  Murojaatnomada xususiy maktablarga ajratiladigan subsidiya sohadagi muhim yondashuvlardan biri bo‘ldi.

Shu bilan birga,  har bir o‘g‘il-qiz maktabni bitirayotganida bir kasb egasi bo‘lib chiqishi haqida ham gapirildi. Bunda kasb ko‘nikmalarini egallash,  kasbiy rivojlanish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu bo‘yicha 7-sinfdan  boshlab o‘quvchilarni kasb-hunarga tayyorlash yuzasidan vazifalar belgilandi. Bunday zamonaviy tizimni yo‘lga qo‘yish uchun xalqaro ekspertlarni jalb qilib, xalqaro tajribani o‘rganib, ularni kasbga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Yana eng muhim jihatlardan biri, yoshlarning ko‘nikmasini mustahkamlashdir. Bunda bugun olingan bilimlar o‘n yildan keyin  foyda berishi masalasi ham bor. Endilikda har bir maktab bitiruvchisi butun umri davomida o‘qish tizimini yo‘lga qo‘yishi belgilandi. Bunda o‘quvchilarning uzluksiz va kerakli bilimlarni olishiga erishishimiz kerak. Bu bo‘yicha yangi rejalarimiz bor.

O‘quvchilarni iqtidoriga qarab rag‘batlantirish va rivojlantirish tizimini yaratish rejalashtirilayapti.

Vazir o‘rinbosarining fikrlarini videoda batafsil ko‘rib, tinglang.

 

B.Meliqulova,

Yo.Meliboyev(video),O‘zA