Vatanimiz tarixidagi 1 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1781 yil (bundan 240 yil oldin) – Rossiyadan Buxoroga elchi qilib yuborilgan Mendyar Bekchurin Buxoro hukmdori huzuriga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Tarixchi olim Hamid Ziyoyevning qayd etishicha, bu voqeaga tegishli hujjatlar o‘sha vaqtlarda Buxoroda elchilarni qabul qilish marosimi va tartiblari haqidagi ma’lumotlardan darak beradi.

Hujjatlarda qayd qilinishicha, shig‘ovul to‘rt otliq kishilar bilan elchini xon qarorgohiga kuzatib borgan. Ular har ikki tomoniga 5 ming qo‘shin va 30 ming aholi saf tortib turgan ko‘cha bo‘ylab yurib, qal’a oldidagi ko‘prikdan o‘tganlaridan keyin shig‘ovul elchining otini yetaklab qal’a ichiga kirgan. Bu yo‘lda ham ikki tarafda hukmdor saroyining nufuzli kishilari saf tortib turgan.

Hukmdor qabulxonasiga yaqinlashganda elchi otdan tushirilib, Eron gilamlari, sholchalar va devorlari zarhalli parchalar bilan bezatilgan xonaga kiritilgan. Xonada hukmdor va uning maslahatchilari hamda din peshvolari bo‘lishgan. Hukmdor oq suvsar po‘stin va telpak kiygan, xanjar taqqan holda unchalik baland bo‘lmagan va zarhalli parchalar bilan bezatilgan taxtda o‘tirgan. Elchilarni qabul qilishga mas’ul bo‘lgan shaxslardan biri jarchiboshi Mendyar Bekchurinni hukmdordan 3 gaz masofa berida to‘xtatib, undan hukmdor nomiga olib kelingan xatni olgan.

Shundan so‘ng elchini otaliqdan keyingi yettinchi o‘ringa o‘tqizishgan. Ziyofat uyushtirilib, dasturxonga palov va qovurilgan qo‘y go‘shti keltirilgan. Hammaga yog‘och qoshiq berilgan. Bu vaqtda nay va childirma jo‘rligida qadimgi askar va xonlarning jasoratini madh etuvchi ashulalar aytilgan. Ziyofat oxirida hukmdor va boshqa kishilar sha’niga ham ashulalar kuylangan.

Ziyofatdan so‘ng Mendyar Bekchurin shig‘ovul boshchiligida kuzatib qo‘yilgan. Qabul marosimida hukmdor va uning atrofidagi amaldorlar bilan hech qanday muzokara bo‘lmagan. Shuning uchun ham elchi hukmdor va boshqa davlat arboblari bilan suhbat o‘tkazilishini bir necha marotaba so‘ragan. Biroq uning bu iltimoslari inobatga olinmagan.

1885 yil (bundan 136 yil oldin) – Toshkent pochta idorasi mijozlardan telegrammalar qabul qilishni boshladi.

1887 yil (bundan 134 yil oldin) – Turkiston general-gubernatorligining Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida statistika qo‘mitalari tuzildi.

1920 yil (bundan 101 yil oldin) – ma’rifatparvar, shoir Hoji Muinning tashabbusi bilan “Mehnatkashlar tovushi” gazetasiga ilova sifatida “Tayoq” nomli kulgi jurnali ta’sis etildi. Samarqanddan Sadriddin Ayniy va Saidrizo Alizoda, Toshkentdan G‘ozi Yunus, Namangandan Rafiq Mo‘miniy jurnalning faollari bo‘lgan.

1921 yil (bundan 100 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonov tavallud topdi. U 1994 yilda “Shuhrat” medali, 1996 yilda “Do‘stlik”, 1998 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

1922 yil (bundan 99 yil oldin) – Buxoro respublikasi Iqtisodiy kengashining tashabbusi bilan matbaa usulida qog‘oz pullar chiqarilib, u tanga deb yuritilgan. Biroq inflyatsiya tufayli 1922 yil apreldan tanga kursi 500 ming chervon (tilla pul), noyabr oyida 850 ming chervon nitashkil qilgan. 1922 yil 5 dekabrdan 1000, 2500, 5000 so‘mlik qog‘oz aqchalar chiqarilib, u so‘m deb yuritilgan.

1931 yil (bundan 90 yil oldin) – haykaltarosh, O‘zbekiston xalq rassomi Abdumo‘min Boymatov dunyoga keldi. U “Abu Ali ibn Sino” (yog‘och, 1967), “Al-Xorazmiy” (yog‘och, 1972), “Al-Forobiy” (gips, 1974), “Alisher Navoiy” (bronza, 1991) kabi mahobatli yodgorliklar muallifi.

1973 yil (bundan 48 yil oldin) – O‘zbekiston televideniyesi ko‘rsatuvlari rangli tasvirda berila boshlandi.

1991 yil (bundan 30 yil oldin) – haftada besh marta, o‘zbek va rus tillarida chop etiladigan “Xalq so‘zi” – “Narodnoye slovo” gazetalarining birinchi soni chiqdi.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Malayziya O‘zbekiston mustaqilligini rasman tan oldi. Shu yilning 21 fevralida ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Natijada 1993 yil iyunda Toshkentda Malayziya elchixonasi, 1999 yil dekabrda esa Kuala-Lumpurda O‘zbekiston elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi.

2001 yil (bundan 20 yil oldin) – Yangi 2001 yilning 1 yanvar kuni, Grinvich vaqti bilan soat 00 da, Yer kurrasida uchinchi ming yillik boshlanayotgan paytda toshkentlik maktab o‘quvchisi 12 yoshli Anastasiya Melnikova zo‘r mushakbozlik sadolari ostida planetamizning Janubiy qutbi uzra Birlashgan Millatlar Tashkilotining zangori bayrog‘ini ko‘tardi.

Oradan bir necha lahza o‘tgach, Yangi yilning dastlabki daqiqalarida ko‘tarilgan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ham hilpiray boshladi. Yurtimizdan juda olisdagi Antarktidaning muz bosgan kengliklarida serquyosh O‘zbekiston madhiyasi tantanavor yangradi.

Bu ulug‘vor voqea BMTning Antarktidadagi Xalqaro loyihasi “Dunyoni narkotik moddalardan xalos etamiz” shiori ostidagi “Istiqbolli dunyo – yangi ming yillik yo‘li” loyihasining yakunlovchi bosqichi bo‘ldi. Vatandoshlarimiz Amerikaning O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan “Ay-Pi-Vi-Nyus” telekompaniyasi ekspeditsiya guruhi tarkibida muz qit’asiga borgan edilar.

2004 yil (bundan 17 yil oldin) – yurtimizda “Sport” telekanali o‘z faoliyatini boshladi.

2008 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi bekor qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi