O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida butun dunyoda ekologik vaziyat tobora yomonlashib borayotgani barchani jiddiy tashvishga solayotgani hamda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan fojia ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlar qat’iy davom ettirilishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Darhaqiqat, hozirgi kunda Orol dengizi fojiasi eng yirik global ekologik falokatlardan biridir. Ushbu hodisaning ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar oqibati mintaqa hududi, sog‘liqni saqlash tizimi, genofond va odamlar kelajagi barqaror rivojlanishiga bevosita tahdid solmoqda, global ekotizimga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Orolda suv sathi o‘tgan asr avvalida pasaya boshlangan. Masalan, 1911-1960 yillar davomida dengizga daryolardan yog‘in bilan birga bir yilda o‘rtacha 65 kub/km suv tushib turgan; yuzadan esa 66,10 kub/km suv bug‘langan. Shu tariqa dengiz har yili 1 kub/km, 50 yil davomida esa 50 kub/km suvni yo‘qotgan. Ayniqsa, o‘tgan asr 60-yillaridan boshlab sug‘oriladigan ekin maydoni kengayishi, Amudaryo va Sirdaryo suvi sug‘orishga ishlatilishi tufayli suv sathi keskin pasaya boshlagan. 40 yildan ko‘proq vaqt mobaynida Orol dengizi maydoni deyarli 4 marta, suv sathi 1,8 marta, ko‘ldagi suv hajmi 9 marta kamaydi.

Ekologik fojia Orolbo‘yi havzasida yashovchi ko‘p millionli aholining turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Masalaning yana bir  jihati shundaki, bu ekologik tanazzul bir-biriga uzviy bog‘liq, xalqaro ahamiyat kasb etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning yaxlit va murakkab majmuasini vujudga keltirdi. Natijada butun avlod ko‘z o‘ngida bir paytlar ochiq suv havzalari ichida kattaligi jihatidan dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turgan Orol, qariyb, o‘lik dengizga aylandi. Qurib qolgan dengiz tubida 5 million gektardan ziyod ekologik fojia o‘chog‘idan iborat yangi Orolqum cho‘li paydo bo‘ldi va tutash hududlarga tuz-qumli bo‘ron tarqatuvchi xavfli makon yuzaga keldi. Bu yerdan havoga ko‘tarilayotgan changli bo‘ronning ta’sir doirasi 500 kilometrdan ham oshayotgani Orol fojiasi juda keng qamrovli ekanidan dalolat. Har yili Orol¬qumdan atmosferaga 100 million tonnagacha chang ko‘tarilayotir. O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab bu yerdagi chang bo‘roni davomiyligi yiliga 90 kundan ham ortiq ortiq ekani mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda.

Mintaqada cho‘llanish jarayoni tezlashishi o‘simlik va hayvonot dunyosi xilma-xilligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Orol bo‘yidagi sanitar va ekologik vaziyat tobora murakkablashib borayotir. Yuqumli va boshqa kasalliklarga chalinish ko‘paymoqda.

O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan Orol bo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast fondi tuzildi. So‘nggi uch yil ichida Orol bo‘yi xududida o‘rmonzor barpo etish maqsadida ikki million gektarga yaqin yer maydoniga suvsizlikka chidamli daraxt ekildi va bu jarayon davom ettirilmoqda.

Hozirgi kunda davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar atrof-muhit xolatini yaxshilash, tabiiy resurslar degradatsiyasining oldini olish, hayvonot va o‘simlik dunyosi ko‘payishi va tarqalishi uchun qulay ekotizim shakllanishini ta’minlaydi. Cho‘l o‘rmoni maydoni va biologik xilma-xillik kengayishi mintaqada iqlim o‘zgarishi yumshashiga imkon beradi.

Davlatimiz raxbarining Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasidan kelib chiqib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orol bo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytirib, Orol fojiasini bartaraf qilishga, xalqimiz salomatligi tubdan yaxshilanishiga, pirovardida ona tabiatni kelajak avlod uchun butunligicha asrab qolishga harakat qilishimiz zarur.

Rustam Kenjayev,

Toshkent davlat yuridik universiteti  

“Ekologiya huquqi” kafedrasi dotsenti