O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida 21-dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekov boshchiligidagi Qirg‘iziston Respublikasi parlament delegatsiyasi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligi turli yo‘nalishlarda jadal taraqqiy etayotgani, parlamentlararo aloqalarning mustahkamlanishi o‘zaro munosabatlarning yanada kengayishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston Respublikasi bilan barcha sohalardagi hamkorlik, jumladan, parlamentlararo munosabatlarning rivojlantirilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Qirg‘iziston Respublikasi parlament delegatsiyasining ushbu tashrifi parlamentlararo muloqot hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil sentabr oyida Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy samarasidir.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati, uni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar Qirg‘iziston parlament delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi, rejalashtirilgan muzokaralar va uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan suhbatda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimiz va hududlar rivojlanishiga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani, kelgusida ikki mamlakat munosabatlarini savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalarda mustahkamlashga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi ta’kidlandi.

Tadbirda mehmonlarga parlament quyi palatasining faoliyati, qonunchilik tizimidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi. Parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish hamda yaqin istiqbolga mo‘lajallangan o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Qirg‘iziston delegatsiyasining tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Amaliy tadbirlar rejasi” (“Yo‘l xaritasi”) imzolandi.

Parlament delegatsiyasi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan «Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» mavzuidagi ko‘rgazma hamda Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy-ma’rifiy yodgorliklar bilan tanishdi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA