– Tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchi va halovatini buzayotgani ham bor gap, – dedi davlatimiz rahbari. – Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi – bu davr talabi. Bu O‘zbekistondagi islohotlarning talabi. O‘tgan 4 yil davomida jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, so‘z erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin o‘rganib borayapmiz. Qiyin bo‘layapti, lekin o‘rganayapmiz. Adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlayotgan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni ko‘rsatib, ularning uslubini o‘zgartirish va mas’uliyatini oshirishga majbur qilmoqda.
Bundan buyon har bir davlat organi o‘z faoliyati davomida OAV bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarurligi ta’kidlandi.