Milliy matbuot markazida Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali tomonidan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan anjumanda ixtisoslashtirilgan filialda kadrlar tayyorlash, bu borada shaffoflik va adolatlilikni taminlash borasida olib borilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida so‘z bordi.
– Filial Milliy gvardiya va ichki ishlar tizimini malakali huquqshunoslar bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan, – deydi polkovnik Shuhratjon Tohirov.
– Filialga talabalarni qabul qilishda ham, ularga dars beruvchi pedagog kadrlarni tayyorlashda ham talab katta. Shuning uchun ta’lim tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bitiruvchilar uchun ta’limdan so‘ng sohada 5 yil ishlash majburiyati yuklangan.
Qayd etilganidek, ixtisoslashtirilgan filialda o‘quv jarayoni Toshkent shahri va viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlashning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlari asosida olib borilmoqda. Kelgusida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda o‘quv dasturlarida ma’ruzalar sonini kamaytirish, shuningdek, mavzularni amaliyotga bog‘lab, seminar hamda amaliy mashg‘ulotlarni ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Tadbirda ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalarini keng joriy qilgan holda elektron ta’lim tizimiga o‘tish, xususan yozma imtihon jarayonining onlayn rejimda jamoatchilik vakillari yoki talabalarning ota-onalari tomonidan kuzatish imkoni yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.
D. Mamatova, O‘zA