Endi yana to‘qqiz davlat fuqarolari Xitoyga vizasiz kirishi mumkin. XXR hukumati joriy yil boshida joriy qilingan dasturni kengaytirib, Slovakiya, Norvegiya, Finlyandiya, Daniya, Islandiya, Andorra, Monako, Lixtenshteyn va Janubiy Koreyani ham imtiyozli ro‘yxatga qo‘shdi. Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan matbuot anjumanida ta’kidlaganidek, ushbu qaror 2025 yil 8 noyabrdan 31 dekabrgacha amal qiladi.

Joriy yil yanvarida ishlay boshlagan hujjatga asta-sekin yangi davlatlar kiritilmoqda. Yil boshidan buyon yengillik Yevropaning 11 davlati, jumladan Avstriya, Germaniya, Fransiya, Irlandiya, Niderlandiya, Italiya va Shveysariya, shuningdek Malayziya fuqarolariga ham tatbiq etildi. Iyun oyi oxirida ro‘yxatga Polsha, Avstraliya va Yangi Zelandiya qo‘shildi.

Qarorga ko‘ra, ushbu davlatlar fuqarolari Xitoyga oddiy pasport bilan kirib, mamlakatda 15 kungacha vizasiz qolishi mumkin. Ushbu dastur qamrovi kengaytirilishi sayyohlar oqimini oshirishi kutilyapti. 2019 yil, COVID-19 pandemiyasidan oldin, Xitoyga boshqa mamlakatlardan 49,1 millionga yaqin sayyoh borgan. 2024 yil dastlabki yetti oyida bu raqam 17,25 millionni tashkil qildi. Birinchi yarim yillikda vizasiz kirish dasturiga kiritilgan mamlakatlardan kelganlar 8,5 million kishiga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 190 foiz ko‘p. Yanvar-sentyabr oylarida Chin diyorini ziyorat qilgan 8,18 million chet ellik sayyohning 4,9 millioni vizasiz dasturdan foydalangan. Xitoyga eng ko‘p Janubiy Koreya fuqarolari borarkan.

Mamlakatda yana bir vizasiz kirish dasturi mavjud bo‘lib, bu hujjat 54 davlat, jumladan AQSH, Kanada va Buyuk Britaniya fuqarolariga nisbatan qo‘llanadi. Ushbu qaror doirasida xorijiy sayyohlar Xitoyga 37 banddan biri orqali kirib, uchinchi davlatga o‘tish uchun yaroqli chiptaga ega bo‘lsa, mamlakatda 72 yoki 144 soat davomida vizasiz qolish imkoniga ega.