Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorlarda narxlar barqarorligini saqlash, mahsulotlar qiymatining sun’iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan hududlarda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Aholining kunlik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror saqlab turish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Shu maqsadda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud 18 ta dehqon bozorida arzon narxlarda savdo yarmarkalari tashkil qilinmoqda. Chekka hududlarning aholisiga “Elga xizmat” ko‘chma savdo yarmarkalari xizmat ko‘rsatmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Farxat Allambergenov Nukus shahar, To‘rtko‘l, Beruniy va Xo‘jayli tumanlarida joylashgan markaziy dehqon bozorlarida bo‘lib, savdo rastalari hamda arzonlashtirilgan yarmarkalar faoliyati hamda oziq-ovqat zaxiralari saqlanayotgan omborxonalarni ko‘zdan kechirdi. Jumladan, “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosidagi bayram yarmarkalari faoliyati hamda ulardagi aholi uchun taklif etilayotgan mahsulotlar sifati va narx ko‘rsatkichlari o‘rganildi.

O‘rnanishlar davomida asosiy ehtiyoj sirasiga kiruvchi mahsulotlar narxini nazorat qilish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik hamda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga barcha sharoitlarni yaratish zarurligi qayd etildi. bugungi kunning muhim vazifasi bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasida mas’ullarga aniq ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA