O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura tomonidan Mo‘ynoq tumanida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalar uchun “Yangi yil karvoni” tashkil qilindi.

Joriy yilning 16 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida qish mavsumiga tayyorgarlikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hal etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlariga mas’ul etib biriktirilgan vazirlik, idoralar va tijorat banklari rahbarlariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash hamda joyiga chiqqan holda, aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olish vazifalari topshirilgan edi.

Davlatimiz rahbarining topshiriqlarini joylardagi ijrosini ta’minlash maqsadida Mo‘ynoq tumanidagi ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi barcha xonadon birma bir o‘rganilib, ularda 1300 ga yaqin muammo aniqlandi. Shundan 1000 dan ziyodi joyida bartaraf etilib, qolganlarini hal etish bo‘yicha choralar ishlab chiqildi. Mazkur muammolarni tahlil qilish natijasida hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zahirasini yaratish, ichki bozorlardagi narxlar barqarorligini saqlash uchun arzonlashtirilgan ko‘chma va doimiy savdo yarmarkalari tashkil etilib kelinmoqda.

Mo‘ynoq tumanida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasiga salbiy ta’sirini yumshatish, ijtimoiy himoya qilish va ko‘makka muhtoj oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 24 dekabr kuni Mo‘ynoq tumanida moddiy yordamga va ko‘makka muhtoj “temir daftar”ga kiritilgan jami 500 ga yaqin oilaning bayramni yuqori kayfiyatda kutib olishini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura tomonidan “Yangi yil karvoni” tashkil qilindi. Tadbir doirasida tumanda istiqomat qiluvchi mehnatga layoqatsiz va surunkali kasalligi bor oila a’zolari, keksa, beva va kam ta’minlangan, shuningdek qarovga muhtoj bo‘lgan fuqarolardan tashkil topgan, ko‘p bolali, yordamga va moddiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarning har biriga 600 ming so‘mga yaqin qiymatdagi oziq-ovqat mahsuloti beg‘araz yetkazib berildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA