Bu yilgi pandemiya sharoitida avvalo oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining ehtiyojini qondirish eng muhim vazifaga aylandi.

Karantin choralari kuchaytirilgan paytda bu borada ayrim muammolar yuzaga kelgani, oziq-ovqat mahsulotlari narxining sun’iy oshirilishi holatlari kuzatildi. Ammo tezda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli bu borada muammolarga barham berildi.

Bugun – Yangi yil bayrami arafasida yana aholining oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan talabi har qachongidan oshgan. Afsuski, bundan ham o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolishni istovchi olibsotarlar, soxta tadbirkorlar paydo bo‘lib, narx-navoni oshirishga harakat qiladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkalari, olis hududlarda esa ko‘chma do‘konlar tashkil etilgan. Samarqand viloyati hokimligi tomonidan ham Yangi yil bayrami oldidan hamda qish-bahor mavsumida qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rimoqda.

– Joriy yilda viloyatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ayniqsa, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor qaratilib, 60 ming gektar maydonda takroriy ekinlar ekildi, – deydi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov. – Misol uchun, har yili kartoshka 4-5 ming gektarga ekilgan bo‘lsa, bu yil 9,5 ming gektarga ekildi. Hozirda viloyatimizda aholi ehtiyojiga nisbatan go‘sht 122 foiz, sut mahsulotlari 200 foiz, tuxum 180 foiz, yog‘ mahsulotlari 148 foiz, kartoshka 312 foiz ko‘p jamg‘arilgan. Kartoshka, sabzi, piyoz kabi asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 76 ming tonna zaxirasi yaratilgan. Aholi ehtiyoji uchun guruch va baliq mahsulotlari yetishmaydi. Shu sababli Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 13 ming tonna guruch keltirganmiz. Yurtimizda yetishtirilmaydigan ayrim turdagi mahsulotlarni esa chetdan keltirish borasida 15 ta importyor korxona bilan hamkorlikda ishlayapmiz.

Yangi yil oldidan narx-navo barqarorligini ta’minlash uchun barcha dehqon bozorlarda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilgan. Unda fermerlar, savdo-xarid korxonalari, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxlarda aholiga taqdim etmoqda. Buning evaziga bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlashga erishyapmiz. Lekin bu hali yetarli emas. Prezidentimizning topshiriqlari asosida Toshkent shahridan arzon narxda yog‘, shakar, guruch mahsulotlari olib kelishni boshladik. Tez orada belgilangan narxlarda savdoni amalga oshirib, bu mahsulotlarni xalqimizga yetkazib beramiz. Viloyatdagi sektor rahbarlari, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan 50 ga yaqin maxsus jihozlangan transport vositalari orqali arzonlashtirilgan go‘sht va go‘sht mahsulotlari savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.

G‘.HASANOV, O‘zA