Poytaxtimizda “Innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishning dolzarb muammolari va yechimlari” mavzuida respublika ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Onlayn tarzda o‘tkazilgan tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Azimjon Nazarov, Qurilish vaziri o‘rinbosari Erkin Iskandarov, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Bahodirov va boshqalar ilmiy yutuq va innovatsion jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi soha rivojiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ilmiy jamoatchilik va salohiyatli investorlarga qurilish materiallari sohasidagi zamonaviy yutuqlarini taqdim etish, shuningdek, muammolarga oydinlik kiritish hamda zamonaviy tendensiyalar va ilm-fan, muhandislik va texnologiyaning ustuvor yo‘nalishlarida olib borilgan tadqiqotlar natijalari bilan bo‘lishish maqsadida tashkil etilgan tadbirda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi ilmiy va innovatsion yangiliklar, soha rivojidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

– Shu bois, qurilish industriyasi bo‘yicha dolzarb mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. – Jumladan, “Mahalliy xomashyolar asosida yangi turdagi innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoniyatlari va salohiyati”, “Qurilish materiallari sanoatiga innovatsiyalarni joriy etishdagi muammolar va yechimlar”, “Qurilish materiallari sohasini innovatsion rivojlantirish hamda qurilish va loyihalashtirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish”, “Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash muammolari” va “Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatini oshirish va energiya tejamkorligini ta’minlash imkoniyatini beruvchi zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish” kabi yo‘nalishlarda ilm-fan yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Albatta, bunday o‘zaro muloqot, fikr-mulohazalar qurilish sohasiga yangiliklar olib kirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA