«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi faollari tomonidan bayram arafasida aholiga, shu jumladan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga mehr-saxovat ko‘rsatish borasida qator xayriya tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Kegayli tumanidagi “BiyBatir Asqarov” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, partiyaning faol a’zosi Sulton Asqarov homiyligida Chimboy tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida mehr-muravvat, xayr-saxovat tadbiri amalga oshirildi. Jumladan “Muruvvat” uyidagi jami 238 nafar yolg‘iz qariya hamda davolanuvchilar uchun bayram dasturxoni yozilib, homiylik yordami ko‘rsatildi.

“Muruvvat” uyida yashovchi keksa yoshdagilar ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirishdi. Ta’kidlash joizki, tadbirkor bugungi kungacha qanchadan qancha insonlarga yordam qo‘lini cho‘zdi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davridagi xayrli ishlari xalqimizga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, yuksak insoniylik fazilatning amaldagi namoyishi bo‘ldi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA