Xalq va armiyani birlashtirib, haqiqiy umumxalq bayrami sifatida an’anaviy nishonlanib kelinayotgan Vatan himoyachilari kuni ayyomini munosib kutib olishga bu yil ham o‘zgacha tarzda tayyorgaklik ko‘rilmoqda.

Yurtimizda joriy etilgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda ko‘rkam qiyofa kasb etgan “Nukus” dala-o‘quv maydonida “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.

Vatanparvarlik, jasorat va sadoqatni tarannum etib, yoshlarga “armiya eshigi”ni ochgan “Armiya – yoshlar nigohida” festivalida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlaridan mingdan ziyod o‘quvchi-yoshlar hamda o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov festivalda yoshlarni qutladi.

– bugungi kunda yurtimiz yoshlari sport yo‘nalishida, ilm-fan, ixtirochilik qobiliyatlarini namoyon etish orqali butun dunyo arenalarida eng yuqori pog‘onalarni egallab, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi, Al-Buxoriy, Berdaq va Ajiniyaz kabi buyuk ajdodlarning munosib avlodlari ekanligini isbotlamoqda.

Siz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizga faqat bitta tilagimiz bor: ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz, xalqimizning sizlardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan ro‘yobga chiqarish yo‘lida hech vaqt charchamang, – dedi o‘z nutqida qo‘mondon hamda ularga el-yurtimiz faxrlanadigan, jonajon Vatanimizning munosib farzandi, haqiqiy vatanparvar insonlari bo‘lib voyaga yetishiga tilak bildirdi.

Harbiy xizmatchilarning qurol bilan saf elementlari hamda qo‘l jangi bilan ko‘rgazmali chiqishlari,“Ayqulach yulduzlari” ansamblining yigitlari tomonidan ijro etilgan qoraqalpoqcha milliy raqslar yig‘ilganlarga xushkayfiyat ulashdi.

“Nukus” dala-o‘quv maydonida tashkil etilgan 20 ga yaqin o‘quv joylarida yoshlar harbiy aslaha, o‘qotar qurollar namunalari, jangovar va harbiy texnikalar bilan yaqindan tanishdi. Yoshlar jangovar bo‘linmalarning murakkab to‘siqli yo‘laklaridan o‘tishi, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanishi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi, bir so‘z bilan aytganda, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni yuksaltirishlari uchun mavjud o‘quv ob’ektlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. O‘quvchilarda, ayniqsa, harbiy xizmatchilarning dala-o‘quv maydonida yashashi, maroqli dam olishi hamda nazariy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tashi uchun yaratilgan sharoitlar katta taassurot qoldirdi.

Armiya va yoshlarni birlashtirgan festivalda shartli dushman joylashgan hududga hujum uyushtirish, shahar sharoitida binolarda shartli ravishda garovga olinganlarni qutqarish hamda boshqa taktik vazifalarni real vaqtda ko‘rish ishtirokchilar uchun o‘zgacha quvonarli bo‘ldi.

 

Dala sharoitida pishirilgan harbiycha taomlar, harbiy xizmatchilarning ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonasida psixologik treninglar yoshlarga manzur bo‘ldi.

Nukus garnizoni harbiy orkestrining kuy va navolari ostida poligon hududini tark etayotgan yoshlar bu yerga, albatta, yana kelish istagini bildirdi.

O‘zA