Bu yilgi pandemiya keltirgan qiyin vaziyatda ham mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlari aslo to‘xtab qolmadi. Xalqimizning hayot sifatini oshirish, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan ulkan loyihalar birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.

Joriy yil Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent yer usti metrosining birinchi bosqichi bitkazilgan edi. bugungi shukuhli kunlarda uning yana bir muhim bo‘g‘ini – Sergeli yo‘nalishi ishga tushirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni ushbu transport ob’ektini borib ko‘rdi. Shu yerda davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan dildan muloqot bo‘ldi.

– Bu yil iqtisodiyot uchun, odamlarimiz uchun qiyinchiliklar ko‘p bo‘ldi, hozir ham davom etyapti. Lekin shu murakkab holatlarni iloji boricha yumshatish bo‘yicha har kuni bamaslahat ishlayapmiz. Iqtisodiyotni rivojlantirish, bozor topish, odamlarga daromad manbai yaratish yo‘llarini izlayapmiz. Hamma masalalar mahallabay hal qilinadi. Nimaga? Yaxshimiz ham, yomonimiz ham mahallada, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash, energiya quvvatlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar aytib o‘tildi.

– Ommaviy axborot vositalariga rahmat. Ular davlatimizga dushman emas, do‘st. Ular baland ovozda adolatni, haqiqatni aytib turmasa, rahbarlarning darrov oyog‘i yerdan uzilib qoladi. Xalqimiz, uyingga eski to‘ningni ilib qo‘yib, kimligingni unutma, deganidek, hamma rahbarlar shu elning farzandi, vakili ekanini doim yodda tutishi kerak. Yurtimizdagi tinchlikning qadriga yetib, xalqimizga munosib sharoit yaratishimiz zarur, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga poyezdda yurib, yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Dunyoning megapolis shahriga aylanib borayotgan Toshkent Markaziy Osiyoning hududi va aholi soni bo‘yicha eng katta shahri hisoblanadi. bugungi kunda poytaxtimizda uch millionga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Har yili yuz minglab aholi mamlakatimizning turli hududlaridan poytaxtimizga kelib-ketadi, qo‘shni davlatlar va uzoq xorij yurtlaridan ham mehmonlar tashrif buyuradi.

Bu esa o‘z-o‘zidan shahrimiz transport tizimini rivojlantirish, aholi uchun qulay, xavfsiz va tezkor jamoat transportini shakllantirishni taqozo etayapti. So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Toshkent shahrida aholi uchun jamoat transportini keskin rivojlantirish va xalqaro talablarga mos transport tizimini yaratishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Ayniqsa, yer osti va yer usti metropoliteni yo‘nalishiga alohida e’tibor berilmoqda.

Sergeli yer usti metro yo‘nalishini loyihalashtirish 2017 yilda boshlangan edi. Qurilishning borishi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘ldi.

Uzunligi 7 kilometrlik mazkur temir yo‘lda beshta bekat barpo etilgan. Metropolitenning “Olmazor” bekati bilan oraliqda 580 metrlik tunnel qurilib, yer usti va yer osti yo‘llari bog‘langan.

Bekatlar milliy dizayn asosida pardozlangan, zamonaviy texnologiyalar, elektron to‘lovli turniketlar, eskalator va liftlar bilan jihozlangan. Bu yo‘nalishda 214 nafar xodim yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Ushbu yo‘nalishda kuniga 35 mingtagacha odam qatnashi mumkin. Shu bois u ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik jihatdan ulkan ahamiyatga ega. Masalan, Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li aksar hollarda tirband bo‘ladi. Oqibatda yoqilg‘i sarfi ortib, atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqadi. Odamlar manziliga kechikib, asabiylashadi. Yangi yer usti metrosi esa aholiga juda katta qulaylik yaratadi.

Oxirgi bekatda ushbu Sergeli yo‘nalishini Qo‘yliq yo‘nalishi bilan bog‘lash, yer usti metrosining keyingi bosqichlarini qurish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

– Ilgari Sergeliga metro kelishini birov tasavvur qilganmidi?! Mana, endi xalqimizga katta qulaylik paydo bo‘ldi. Yana bir tomoni, bu ekologik toza transport. Keyingi metro yo‘llarini ham aholiga ma’qul, qulay, xavfsiz, sifatli qilib qurish, xorij tajribasini o‘rganish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Umumiy qiymati 82,66 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu loyiha “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan tayyorlangan. Mavjud bekatlarning kirish va chiqish hududlari o‘ziga xos rang-barang me’morchilik asosida barpo etilgan. Ayniqsa, perron qismiga ishlatilgan qurilish mahsulotlari ko‘rinishi, rangi va turi bo‘yicha bir-birini takrorlamaydi. Yo‘lovchilar uchun ham katta qulayliklar yaratilgan. Xususan, imkoniyati cheklanganlar uchun bekatlar platformasida xavfsiz taktil plitkalar yotqizilgan. Yo‘lovchilarning platformalarga ko‘tarilishi uchun zamonaviy lift va eskalator, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida esa bekatlarga zamonaviy videokuzatuv uskunalari, IT rusumdagi turniketlar hamda elektr energiyasini tejaydigan yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Shuningdek, mobil aloqa uskunalari uchun quvvatlagichlar ham bor. Har bir bekat 12 tagacha xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy isitish va sovutishga mo‘ljallangan konditsionerlar bilan jihozlangan.

Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda shahrimiz jamoat transportidan bor-yo‘g‘i 33 foiz yo‘lovchi foydalanmoqda. Rivojlangan mamlakatlar poytaxtida esa bu ko‘rsatkich 60-70 foizni tashkil etadi. Poytaxtimizda aholi ham, transport vositalari ham kun sayin ko‘payib bormoqda. Oxirgi 10 yilda shaharda avtomobillar soni 250 mingtadan 510 mingtaga, ya’ni 2 baravarga oshgan. Shunga mos ravishda joriy yil foydalanishga topshirilgan Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida 2 ta bekat hamda yer usti xalqa yo‘lining birinchi bosqichi ishga tushirilgani natijasida jamoat transportida 56 ta yo‘nalish maqbullashtirilib, 170 ming aholining transport xizmati yanada yaxshilandi, ularning transportga ketadigan vaqti ham o‘rtacha 15-20 daqiqaga qisqardi.

Yangi ochilgan Sergeli yer usti metrosi Sergeli va Yangi hayot tumanlarida istiqomat qilayotgan aholi uchun juda katta qulaylik bo‘ladi. Mazkur tumanlarda transport infratuzilmasini yanada yaxshilashga imkon yaratiladi.

– Bolaligim Sergeli tumanida o‘tgan. Hozir ham ushbu tumandagi ko‘p qavatli uylarning birida, ya’ni Sergeli metrosining 2-3-bekatlari oralig‘ida istiqomat qilaman, – deydi Dilafro‘z Qoraboyeva. – Endi shahar markazidagi ish joyimga shaxsiy mashinamda emas, metroda qatnayman. Chunki har kuni ertalab soat 07:00 dan 09:30 gacha, kechga yaqin esa soat 16:00 dan 20:00 gacha avtomobil yo‘llari juda tirband bo‘ladi. Ayni shu vaqtda ishga borib-kelishimga to‘g‘ri keladi. Ba’zida noqulay ob-havo hukm sursa, harakatlanish yanada qiyinlashadi. Natijada har kuni 2-3 soat vaqtim yo‘lga sarf bo‘layapti.

Albatta, Sergeli va Yangi hayot tumanlarida ham aholi soni kun sayin ortib bormoqda. Shu bois shahar markazi bilan bog‘langan avtomobil yo‘llarida kun sayin tirbandlik ortib boryapti. Ushbu tumanlar aholisini qulay va xavfsiz transport tizimi bilan ta’minlashni esa davrning o‘zi taqozo etayotgan edi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Sergeli yangi metro yo‘nalishining 5-bekatidan yo‘lga chiqqan yo‘lovchi “Buyuk ipak yo‘li” bekatiga o‘rtacha 30-40 daqiqada yetib borishi mumkin. Buning uchun metro poyezdi 16 ta bekatni bosib o‘tadi. Boshqa transportda esa tirbandlik paytida bir soatdan ko‘p vaqt ketadi.

Yana bir qulaylik jihati Sergeli yo‘nalishida harakatlangan poyezd Chilonzor yo‘nalishining “Olmazor” bekati orqali “Paxtakor” bekatidan O‘zbekiston yo‘nalishining “Alisher Navoiy”, “Amir Temur xiyoboni” bekatidan esa Yunusobod yo‘nalishining “Yunus Rajabiy” bekati bilan bog‘lanadi. Natijada ushbu yo‘nalish Toshkent metropolitenining barcha yo‘nalishlari bilan bog‘lanib, yo‘lovchilarga shahrimizning istagan hududiga yetib bora olishiga imkon yaratadi.

Poytaxtimizda aholi zich yashaydigan Qoraqamish, Ibn Sino, Toshkent traktor zavodi mavzelarida jamoat transporti tizimini yaxshilash, avtobus yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yer usti metrosi tagidagi sport maydonchasi ham ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasida qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdi.

Mazkur ko‘cha “Toshkent-Angren” temir yo‘li bilan kesishgan. Buning ustiga tor bo‘lib, avtomobillar harakatiga qiyinchilik tug‘dirardi. Shu bois Qipchoq ko‘chasi 8 qatorli qilib kengaytirilib, temir yo‘l ustidan o‘tuvchi 772 metrlik ko‘prik barpo etildi. Uning estakada qismi 445, eni – 28 metr.

Davlatimiz rahbari ob’ektning sifati, shaharda transport tizimini yaxshilashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Ushbu ko‘prik soatiga 12 mingtagacha avtotransport vositalarini uzluksiz o‘tkazish imkoniyatiga ega. Eng muhimi, u poytaxtimizdagi ikkita yirik ko‘cha – Yangi Sergeli aylanma yo‘li bilan Toshkent xalqa yo‘lini bog‘laydi. Bu haydovchilar uchun ancha qulaylik yaratadi, minglab transport vositalari oqimini o‘ziga olib, boshqa ko‘chalardagi tirbandlikni kamaytiradi.

– Pandemiya boshlanganda biz undan kuchli, qudratli bo‘lib chiqamiz deb maqsad qo‘ygan edik, – dedi Shavkat Mirziyoyev toshkentlik faollar bilan suhbatda. – Hammamiz ko‘ryapmiz dunyoda nimalar bo‘layotganini. Boshqa mamlakatlarda qurilishlar to‘xtab qolgan holatlar ham bo‘ldi. Xalqimiz tartib-intizom, birdamlik bilan barcha rejalarini ro‘yobga chiqarmoqda. Biz hamjihatlikda ko‘p narsalarga qodirmiz.

Prezidentimiz joriy yil 4 iyun kuni Toshkent shahrining Cho‘ponota ko‘chasi va Kichik xalqa yo‘li kesishmasida quriladigan ko‘prik loyihasi bilan tanishgan edi. Kelgusida yangi yo‘l barpo etilib, Qipchoq ko‘chasidagi mazkur ko‘prikka tutashadi.

Shu yerda Turkiyaning “Kalyon” kompaniyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish, transport va yo‘lovchilar harakati uchun qulayliklarni oshirish loyihalari muhokama qilindi.

Ziyodulla JONIBEKOV, Abdulaziz MUSAEV, O‘zA