Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi yig‘ilishida Konsullik ustavining ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan nazorat-tahlil yakunlari muhokama qilindi.

Amaldagi Konsullik ustavi 2019 yil 17 yanvarda yangi tahririda qabul qilingan bo‘lib, u hozirgi kunda mamlakatimizda shakllangan amaliyot, xorijiy tajriba va xalqaro huquq normalarini inobatga olgan holda takomillashtirildi.

Hujjat konsullik faoliyati, konsullik mansabdor shaxslari o‘z vaqtida har tomonlama konsullik-huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish orqali chet elda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha funksiyalarining huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilaydi.

Xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va yuqori bosqichga ko‘tarish mamlakatimiz uchun nafaqat amaliy, balki strategik ahamiyat kasb etadi. Ushbu jarayonda tashqi siyosat bilan shug‘ullanuvchi tashkilot va idoralar, xususan, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi konsullik muassasalari muhim rol o‘ynaydi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimi so‘zga chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Konsullik ustavi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarning umumiy ahvoli to‘g‘risida axborot berdi.

Ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida konsullik muassasalari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, sohaga oid qonunosti hujjatlarning o‘z vaqtida qabul qilinishi yuzasidan olib borilgan monitoring ishlari, istiqbolli rejalar haqida ma’lumot taqdim etildi.

Ta’kidlash joizki, Konsullik ustavi qabul qilinganidan bundan salkam 2 yil davomida ushbu muhim hujjatni hayotga tatbiq etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2019 yilda Rossiya Federatsiyasining Rostov-Don va Xitoy Xalq Respublikasining Guandjou shahrida O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonalari ta’sis etilgan. 2020 yil 1 yanvardan xozirgi kunga kadar Tashqi ishlar vazirligiga 6 ming 500 dan ortiq kelib tushgan murojaat ko‘rib chiqilib, tushuntirishlar berilgan va tegishli amaliy yordam ko‘rsatilgan.

O‘z navbatida, ushbu davr mobaynida fuqarolar tomonidan vazirlikning “Call-center”ga 18 mingdan ortiq telefon murojaatlari kelib tushgan bo‘lib, mavjud masalalar bo‘yicha ham ularga tegishli ma’lumotlar berilgan va amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Jumladan, xorijda shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yo‘qotgan va moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini respublikaga qaytarish, yo‘l-transport hodisalari, mehnat faoliyatini olib borishi jarayonida turli xil baxtsiz hodisa oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolarni davolash hamda ularga tovon puli undirilishida amaliy yordam ko‘rsatish, fuqarolarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari holisona va adolatli ko‘rib chiqilishini nazorat qilish, shuningdek, vafot etgan fuqarolar jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilib kelinmokda.

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslarining chet mamlakat hududida huquqini himoyalash va erkinligini ta’minlash yuzasidan vakolatxonalarga ko‘rib chiqish uchun yuborilayotgan har bir murojaat ushbu muassasa omonidan nazoratga olinib, ijrosi ta’minlab kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari yordamida koronavirus pandemiyasi davrida 2020 yil oktyabr oyi yakuniga ko‘ra 379 ming 265 nafar O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarilgan. Ulardan 221 ming 880 nafar charter reyslar orqali, 37 ming 416 nafari temir yo‘llar orqali va 119 ming 969 nafar fuqaro davlat chegara nazorat o‘tish punkti orqali O‘zbekistonga qaytarilgan.

Jumladan, xorijiy davlatlarda yashash uchun mablag‘larsiz va og‘ir ahvolda qolgan 60 mingdan ziyod fuqarolarga moddiy yordam, oziq-ovqat maxsulotlari, mehmonxonalarga vaqtinchalik joylash va naqd pul taqdim etish shaklida moddiy yordam ko‘rsatilgan. Xususan, Rossiya Federatsiyasi hududida 8 ming 289 nafar fuqaroga 804 ming 110 dollar miqdoridagi bir martalik moddiy yordam puli ajratilgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida xorijiy davlatlar tomonidan 19 million dollar miqdorida beg‘araz taqdim etilgan insonparvarlik yuklarini O‘zbekistonga transportirovka qilish hamda vazirlik va idoralar o‘rtasida taqsimlash tashkillashtirilgan.

Shu bilan birga, yig‘ilish davomida Konsullik ustaviga belgilangan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, yechimini kutayotgan ayrim masalalar mavjudligi ham alohida ta’kidlandi.

Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan “Konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish hamda konsullik yig‘imlari tarifini AQSH dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilganligiga qaramay amaliyotga haligacha tatbiq etilmagani tanqid qilindi.

Bundan tashqari, Rossiya va boshka mamlakatlarda yurtimizning mehnat migrantlariga huquqiy yordam berish bo‘yicha onlayn platforma va “call-markaz” tashkil etish, buning uchun ushbu markazlarni tuzishda ishtirok etadigan kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish hamda tijorat takliflarini o‘rganish ishlarini jadallashtirish zarur.

Yig‘ilish yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA