«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, davlat pensiyalari ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan tartibda tayinlanadi.

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib bo‘lmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov to‘lash tartibini, shuningdek ular tomonidan Pensiya jamg‘armasiga to‘langan yagona ijtimoiy to‘lovini, pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 fevraldagi 46-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom bilan tartibga solinadi.

Nizomga muvofiq, chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs boshqa davlatda ishlagan har bir oyi uchun Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lovni ixtiyoriy ravishda to‘laydi.

Chet elda bo‘lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, pasportdagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) hamda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning boshqa davlatda bo‘lgan vaqti va konsullik hisobiga qo‘yilganligi ma’lumoti ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadi.

Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs pensiya bilan ta’minlanish miqdoridan kelib chiqib Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov miqdorini mustaqil ravishda, biroq yiliga Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov to‘lash sanasida qonun hujjatlarida belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining to‘rt yarim barobari miqdorda belgilashi mumkin. bugungi kunda chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs tomonidan bir yil uchun to‘lanadigan ijtimoiy to‘lovning eng kam miqdori 2020 yil 1 dekabr holatiga 1 181 115 so‘mni tashkil etadi.

Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs tomonidan yagona ijtimoiy to‘lov to‘lash quyidagi tartibda amalga oshirilishi mumkin:

har oyda yoki har chorakda;

bir yo‘la — O‘zbekiston Respublikasiga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida.

Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha to‘langan taqdirda yagona ijtimoiy to‘lov to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan sana yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan kun hisoblanadi. To‘lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, STIR va to‘lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi.

Milliy valyutadagi yagona ijtimoiy to‘lov chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organlariga xizmat ko‘rsatayotgan banklarda ochilgan Pensiya jamg‘armasining tegishli daromad tranzit hisob raqamlariga uning tomonidan mustaqil ravishda, oila a’zolari yoki ishonchli vakil tomonidan to‘lanadi.

Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lash xorijiy valyutada (boshqa davlat hududidan) Pensiya jamg‘armasining maxsus valyuta hisob raqamlariga amalga oshirilishi mumkin va to‘lov sanasiga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha milliy valyutaga qayta hisoblab chiqiladi.

Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov to‘lashni to‘xtatib turganda, pensiya tayinlash uchun olinadigan ish staji hisobi Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan so‘nggi sanadan boshlab to‘xtatib turiladi.

Pensiya jamg‘armasiga to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov miqdori yagona ijtimoiy to‘lovning belgilangan miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda, pensiya tayinlash uchun olinadigan tegishli davr uchun ish staji zarur mablag‘larni qo‘shimcha ravishda kiritish sharti bilan hisobga olinadi.

Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs Pensiya jamg‘armasiga to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov hisobi uning doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organida yuritiladi.

Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxslar ish stajiga ular faoliyat yuritgan va Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov to‘lagan davrlari kiritiladi.

Pensiya miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan aniq bir oy (yil) uchun chet elda yollangan holda ishlovchi shaxsning daromadi Pensiya jamg‘armasiga to‘langan oylik (yillik):

2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun – sug‘urta badallari summasini Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lash davrida amalda bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari uchun) va fuqarolarning sug‘urta badallarining umumiy stavkasiga;

2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun – yagona ijtimoiy to‘lov summasini Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lash davrida amalda bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari uchun) stavkasiga bo‘lish hamda olingan natijani 100 ga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Namangan viloyati bo‘yicha 2020 yil 1 dekabr holatiga chet elda yollangan holda ishlovchi shaxslardan 38 nafari Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy to‘lov to‘lagan va shulardan 9 nafariga pensiya tayinlangan.

Pensiya jamg‘armasi Matbuot xizmati