Sho‘rlik oshpazning aybi nima edi?

Navoiy shahridagi Bunyodkor mahallasida joylashgan 21-maktabgacha ta’lim muassasasida ro‘y bergan voqeadan ko‘pchilik junbushga keldi. 
Tarbiyalanuvchilardan birining onasi muassasaga kelib, oshpazga pichoq o‘qtalgan holda “hammangni pichoqlab tashlayman” deya o‘shqirgan holda, bog‘chani boshiga ko‘taradi. Muassasa mudirasi xo‘jalik mudirini mahalla profilaktika inspektoriga xabar berish uchun jo‘natadi. Biroq, inspektorni topa olishmaydi. Oradan bir kun o‘tgach ichki ishlar xodimi bu voqeadan xabar topib, jabrlanuvchidan shikoyat arizasi oladi.

Aslida voqea qanday boshlangan edi?

Jabrlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, o‘sha kuni u ishga soat ertalabki 6 dan 10 daqiqa o‘tganda keladi. Belgilangan tartib asosida nonushtani tayyorlaydi. Ovqatni tarqatib bo‘lgach, soat chamasi 8 dan 50 daqiqa o‘tganda tarbiyalanuvchilarning onalari – N.Pirnazarova va Sh.Turdiyeva oshxonaga ruxsatsiz bostirib kirishadi. Pishayotgan karam sho‘rva hamda makaron qaynatmasi, qayla va baliq kotletiga nazar tashlab, “nega bolalarga har doim baliq berasizlar, baliq ovlovchilardan “jazman”laring bormi?” deya haqoratlay boshlaydi. Natijada, o‘rtada kelishmovchilik yuzaga kelib, Pirnazarova oshpazga pichoq bilan o‘qtaladi. Unga ma’naviy zarar va tan jarohati yetkazadi. Berilgan mahsulot asosida bolalarga baliq kotlet tayyorlayotgan sho‘rlik oshpazning aybi nima edi?

Oradan bir hafta o‘tib, shu holat yana takrorlandi. Bu gal oshpaz shifoxonaga tushdi. Qachongacha bu holat davom etadi, degan savolga jabrlanuvchining oila a’zolari muassasa ma’muriyati, ichki ishlar organlari, mahalla, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi, xotin-qizlar qo‘mitasidan haligacha javob kutmoqda. Yoki shahar bedarvozami?

Biz jurnalistik o‘rganishlar davomida janjalga arzirli sabab topa olmadik, lekin bir huquqbuzarlikning jinoyatga qarab ketayotganini sezish mumkin.

 

Nuriddin Rahimov, O‘zA