Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida joylarda elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ravishda ulanib, xalq mulkini talon-toroj qilish holatlari ko‘paygani qayd etildi.
Misol uchun, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi o‘z xodimlari bilan 500 dollardan 2 ming dollargacha pora olib, hech qanday hujjatlarsiz iste’molchilarni elektr tarmog‘iga ulab kelgan.
Huquq-tartibot organlari tomonidan mamlakat bo‘yicha 1 ming 525 ta holatda 59 milliard so‘m qiymatdagi energiya resurslar talon-toroj qilingani aniqlangan.
Jumladan, Samarqand viloyatida aholiga mo‘ljallagan 80 tonna suyultirilgan gaz o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘yilgan. Muborakda g‘isht ishlab chiqarish zavodi yer ostidan o‘tgan gaz quvuriga noqonuniy ulanishi oqibatida 4,3 million kub metr gazni talon-toroj qilgan. Bu – qariyb 8 ming xonadonning bir oylik gaz ta’minoti, deganidir.
Yig‘ilishda ulgurji iste’molchilar tomonidan 7 million kub metr tabiiy gaz noqonuniy o‘zlashtirilgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bosh prokuratura va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ushbu masalani kundalik nazoratga olish va energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
– Agar 25 yil davomida elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga o‘z vaqtida hisoblagichlar o‘rnatilganida bugungi muammolar yuzaga kelmasdi, — dedi Prezident.
Yig‘ilish davom etmoqda.
O‘zA