2018-yilda Nukusda 60 ming dona televizor va 100 ming dona changyutgich va yana shuncha mikroto‘lqinli pech ishlab chiqariladi

Xalqimiz azal-azaldan o‘zining bunyodkorlik salohiyati bilan insoniyat tamadduniga munosib hissa qo‘shgan, bozorlarni to‘kin, yurtini obod etib kelgan. Yoshi uch ming yil bilan bo‘ylashadigan ko‘plab shaharlarimizda ilm-fan, madaniyat, hunarmandlik va savdo-sotiq ravnaq topgani tadbirkorlik xalqimizga xos noyob va ezgu fazilat ekanidan dalolatdir. Yurtimizdan yo‘lga chiqqan karvonlar ajdodlarimiz qo‘li bilan bunyod etilgan mahsulotlarni dunyoga tarqatgan va tanitgan.

Yurtimizda halol mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilgan. Buning qadriga yetib, undan samarali va to‘g‘ri foydalanayotganlarning obro‘si baland. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikka to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga qarshi turishdir, deya ularni qo‘llab-quvvatlamoqda.

10 (1).JPG

Mamlakatimizda barcha sohalar kabi xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish sur’atlari jadallik bilan rivojlanayotir. Ayniqsa, elektr texnikasi sanoatida yuqori natijalarga erishilmoqda. Tarmoqqa katta hajmdagi investitsiyalar jalb etilgan holda yangi-yangi korxonalar tashkil qilinmoqda. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bu korxonalarda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, o‘zining sifati va dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘layotgan “Artel” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan muzlatgich, televizor, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, konditsioner, mikroto‘lqinli pech, changyutgich, qo‘l telefoni kabi eng so‘nggi rusumdagi maishiy texnika vositalari kirib bormagan xonadon kam topiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil yanvar oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida yirik va kichik korxonalar tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.

19 (1).JPG

Zamonga qarab talab ham o‘zgarib boradi. Oqil va tadbirkor rahbar ana shu talablarni oldindan ko‘radi va o‘z vaqtida zarur choralar belgilaydi. Yurtimizdagi eng ilg‘or ishlab chiqarish subyektlaridan biri “Artel” kompaniyasi davlatimiz rahbarining tashabbusiga javoban yangi loyihalarni boshlab yubordi. Nukus shahridagi sobiq «Nukus Remmash» MChJga qarashli bino va inshootlar qayta ta’mirlanib, zamonaviy qiyofaga keltirildi. Bu yerda “Artel” kompaniyasi Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi bilan hamkorlikda olti oyda “Samsung Nukus” zavodi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

O‘tgan asrning eng ilg‘or tadbirkorlaridan biri, dunyodagi yirik korxonaning asoschisi Genri Fordning shunday gapi bor: bir yoqadan bosh chiqarish – ishning boshlanishi, tarqab ketmaslik – rivojlanish, bahamjihat ishlash esa bu muvaffaqiyatga erishishdir. Ana shu tamoyillarga tayanib faoliyat yuritayotgan korxonaga kirib borarkansiz, davlatimiz rahbarining “Yangilikka intilish iqtisodiyotimiz taraqqiyotining muhim omilidir”, degan so‘zlariga ko‘zingiz tushadi. Qizg‘in ish jarayonini ko‘rib, qalbingiz iftixorga to‘ladi.

17 (1).JPG

Yaqinda bir ma’lumotga ko‘zim tushib qoldi: sobiq tuzum davrida O‘zbekiston xom ashyo bazasiga aylantirilgan, bu saxovatli zaminda yetishtirilgan turfa mahsulotlarni eksport qilishdan keladigan daromad sobiq markaz byudjetini boyitar edi. Iqtisodiy rivojlanish darajasini ifodalaydigan yalpi ichki mahsulot va aholi jon boshiga iste’mol qilish kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston 1989-yil sobiq tuzumdagi eng oxirgi o‘rinlardan birida turar edi.

Bugun mamlakatimizning eksport salohiyati o‘n karra oshdi. Tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni dunyoning turli davlatlarida uchratish mumkin. “Samsung Nukus” zavodida ishlab chiqarilayotgan televizor va changyutgichlar ham qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

25.JPG

Korxona mutasaddilari bergan ma’lumotga ko‘ra, bugun bu yerda “Samsung” brendi ostida 4 turdagi televizor, 13 turdagi changyutgichlar ishlab chiqarilmoqda. Istiqboldagi rejalarga ko‘ra, 2018-yil yangi turdagi 60 ming dona televizor va 100 ming dona changyutgich tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, mahalliylashtirish darajasi 60 foizga tenglashadi. Bundan tashqari, yiliga 100 ming dona mikroto‘lqinli pech ishlab chiqarish bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan.

Xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar yurtdoshlarimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, dunyoqarashini tubdan o‘zgartirayotir. Yurtdoshlarimiz o‘z uyini obod qilishu dasturxonini to‘kin etish avvalo o‘ziga bog‘liq ekanini, buning uchun davlatimiz tomonidan yetarlicha sharoit ham, imkoniyat ham yaratilayotganini anglab yetmoqda. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bizga chetdan hech kim kelib bu ishlarni qilib bermaydi, hammasini o‘z aqlimiz va salohiyatimiz bilan bunyod etamiz!

26.JPG

Zero, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi ham shu emasmi?!

 

Abu Bakir O‘rozov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA