So‘nggi yillarda Xalq ta’limi vazirligiga o‘qituvchi-pedagoglardan kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarning aksariyati xodimlarning oylik ish haqlarini hisoblashda, direktor jamg‘armasidan ustama haq tayinlashda yo‘l qo‘yilayotgan qonun buzilishlari xususida bo‘layotgan edi. Pedagoglarning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan bu muammolarni hal etish choralari ko‘rilayotgani haqida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytida xabar berildi.
Kelgusida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida individual tarzda faoliyat yuritib kelayotgan buxgalteriya xizmati faoliyati tugatilib, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalarida markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlari tashkil etiladi. Joriy yilning 1 noyabridan boshlab, Toshkent shahrining Yunusobod, Toshkent viloyatining Bo‘ka, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanlari hamda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida mazkur xizmat faoliyati sinov tariqasida tashkil etildi.
Bugungi kunga qadar ta’lim muassasalaridagi individual buxgalteriya samarali faoliyat yuritishi uchun maktab direktori ham yetarli darajada hisob-kitob ilmiga ega bo‘lishi talab qilinar edi. Tabiiyki, maktab direktorlari bu borada yetarli bilimga ega bo‘lmagach, turli qonun buzilishlari yuzaga kelardi. Kimdir direktor fondi mablag‘larini noto‘g‘ri taqsimlaydi, yana kimdir o‘z tanish-bilishlariga ustamalar berishga intiladi. Markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tashkil etilayotgani shunday salbiy holatlarni bartaraf etish va korrupsiyaga barham berishda muayyan tizim yaratadi.
Yana bir jihati, maoshning pedagog-xodimlarga yetkazilishidagi yangilikdir. Maktab direktori pedagog-xodimlarning maoshini berish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani tasdiqlagach, «O‘zASBO» elektron dasturi orqali uni markazlashgan moliya-buxgalteriyaga jo‘natadi. Markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati hisobchilari qabul qilib olgan hujjatlarni hisob-kitobini qilib belgilangan muddatlarda tumandagi barcha o‘qituvchining bank plastik kartochkasiga o‘z vaqtida o‘tkazib beradi.
Natijada, o‘qituvchilar o‘rtasida «Oylik maoshimni haligacha ololmadim, kechikyapti» yoki «Hisobchimiz nimagadir oylik maoshimdan ushlab qolibdi», degan e’tirozlar kelib chiqmaydi.