Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashington shahrida tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu mamlakat mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Kristofer Miller O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda yetakchi rol o‘ynayotgani uchun minnatdorlik bildirdi va AQSH xavfsizlik bilan bog‘liq umumiy muammolarni hal qilishda davlatimiz bilan aloqalarni davom ettirishini bildirdi. Pentagon rahbari, shuningdek, mamlakatimizning afg‘onlararo tinchlik muzokaralari olib borilishi, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi va Markaziy Osiyo mintaqasiga integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tomonlar bundan keyin ham Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi yo‘lidagi tashabbuslarni, barqaror siyosiy kelishuv maqsadini ilgari surishda qat’iy ekanliklarini tasdiqladilar.

Suhbat davomida harbiy hamkorlikni yanada kengaytirish, terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi va mudofaa muassasalari salohiyatini oshirish kabi masalalarda yaqin hamkorlikni rivojlantirish muhimligi e’tirof etildi.

O‘zA