Toshkent shahrida 2017-yil 20-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi. Majlis kun tartibiga 26 masala kiritilgan.

2017-yil 19-oktabr kuni yalpi majlis oldidan Senat qo‘mitalari yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalar ko‘rib chiqildi. Barcha qo‘mitalarda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, Davlat byudjeti parametrlariga oid masala asosiy e’tiborda bo‘ldi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida aynan shu masala muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etilganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish va daromad bazasini mustahkamlash, shuningdek, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat samarasida 2017-yilgi Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisabatan 0,1 foiz profitsit bilan ijro etilishi kutilmoqda.

2018-yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarida soliq yukini yanada qisqartirish va soliq hamda majburiy to‘lovlar miqdorini kamaytirish nazarda tutilgan. Avvalgi yillar kabi kelgusi yilda ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan xarajatlar ustuvorliklari saqlab qolinadi.

Shu bilan birga, majlisda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyati bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi.

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida ham Davlat byudjeti parametlari bilan bog‘liq masala muhokama etildi. Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasining «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunining maishiy chiqindilarni qayta ishlashga doir qismining Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ijro etilishini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.

Qo‘mita majlislari davom etmoqda.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA