Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida shifokorlik kasbi mas’uliyati, tibbiyot xodimlarining halolligi va tizimda korrupsiya holatlarining oldini olish masalalari ham muhokama qilindi.

Ma’lumki, tibbiyot muassasalarida korrupsiya holatlariga barham berish masalasi hamon dolzarb. Sog‘liqni saqlash sohasini shaffof tizimga aylantirish, shifokorlarning halol, pok ishlashlari uchun tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq, guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaganidek, oq xalatli xaloskor kasb sohiblari orasida ham poraxo‘rlik va ta’magirlikka berilganlari uchrab turadi.

Yig‘ilishda mazkur illatga barham berish yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.

Agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda tibbiyot muassasalarini korrupsiyadan tozalaydi, har bir shifoxona rahbarining o‘z vazifasiga loyiq ekanini o‘rganadi.

– “Halollik vaksinasi” bilan ishlash tibbiyot xodimlarining eng katta shiori, bayrog‘i bo‘lishi kerak. Tibbiyot xodimlarini halollikka o‘rgatib olsak, odamlar bizdan rozi bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.