Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri oʻz repertuarini jahon klassik asarlari namunalari bilan boyitmoqda. Xususan, shu kunlarda teatr jamoasining yosh ijodkorlari ingliz dramaturgi Rey Kunining “Qora diplomat” spektaklini tomoshabinlar eʼtiboriga havola etdi.
Rejissyor Fozilbek Kelimbetov tomonidan sahnalashtirilgan mazkur spektakl komediya janrida boʻlib, unda turmushdagi turli vaziyatlar, kishilarning kutilmagan holatlar roʻy berganda oʻzini qanday tutishi, bunday vaziyatda toʻgʻri yoki egri yoʻlni tanlashi va uning oqibatlari bayon etiladi.
Spektaklda Islom Begjanov, Alima Rametullayeva, Bibinoz Boqiyeva, Iso Kunnazarov, Rasul Tlemisov, Sharapat Davletmuratov kabi aktyor va aktrisalar bosh qahramonlar rolini mahorat bilan ijro etgan.

 

Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA