Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshligʻi Bekzod Madaminov va boshqa mutaxassislarning taʼkidlaganidek, mazkur farmon davlat korxonalarini boshqarish, transformatsiya qilish, davlat aktivlarini sotishdan oldin tayyorlash, xususiylashtirish va uning tartiblarini belgilaydi.
Farmonning 4-ilovasi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 12 ta davlat ishtirokidagi korxonadagi davlat ulushlarini xususiylashtirish belgilangan. Jumdalan, 9 ta davlat ishtirokidagi korxonaning davlat aksiya paketlari va ulushlari ommaviy savdolar orqali sotiladi, 3 ta aksiyadorlik jamiyatning davlat aksiya paketlari ushbu jamiyatlardagi davlat ulushi bor taʼsischilar ustav fondiga nominal qiymatda oʻtkaziladi.
Mazkur farmon bilan davlat aktivlarini xususiylashtirishda joriy etilgan yangi tartiblar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Jumladan, davlat ulushlarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan va qisman toʻlovni amalga oshirgan xaridorlarga toʻliq toʻlovlar amalga oshirilgunga qadar ulush qiymatining toʻlangan qismiga mutanosib ravishda jamiyat boshqaruvida ishtirok etish va dividendlar olish huquqi asosida “tasarruf etish huquqisiz” egalik sertifikati berilishi, davlat aktivlarini sotishning shartlariga muvofiq boʻlgan buyurtmanoma faqat bir nafar talabgor tomonidan berilgan boʻlsa, ushbu yagona ishtirokchi bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzish mumkinligi, farmonning 4-ilovasidagi korxonalar sof aktivlarining davlat aksiya paketlari (ulushlari)ga nisbatan proporsional qiymati 100 million soʻmdan oshmasa, ularni istisno tariqasida, sof aktivlarining proporsional ulushiga teng (sof aktivlari ustav kapitalidan kam boʻlganda nominal) qiymatda ommaviy savdolarga chiqarilishi kabi yangi tartiblar joriy etildi.
Davlat tender komissiyasiga mazkur farmonning 4 va 5-ilovalaridagi davlat aksiya paketlari (ulushlari), koʻchmas mulk obyektlari baholangan narxda ommaviy savdolarda uch oy muddat davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlangʻich narxini Agentlikning taklifiga asosan qayta belgilash, shuningdek davlat aktivlarini xususiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish ularni sotish shartlari, savdo turi va ommaviy savdolarda boshlangʻich narxini belgilash vakolatlari joriy etildi.
Bundan tashqari, davlat koʻchmas mulk obyektlarini “nol” xarid qiymatida sotish amaliyoti bekor qilinib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyat Kengashlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari hamda Davlat tender komissiyasiga koʻchmas mulk obyektlarini investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar qabul qilish sharti bilan “1 soʻm” boshlangʻich narx bilan ommaviy savdolarga chiqarish yuzasidan qaror qabul qilish huquqi berildi.
Farmon ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Mazkur farmon bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashiga berilgan vakolatlar doirasida joriy yil 1-dekabrga qadar 51 ta davlat koʻchmas mulki obyektining ommaviy savdolarga chiqarilishi taʼminlanadi.
–Matbuot anjumanini oʻtkazishdan asosiy maqsad, farmonning mazmun va mohiyatini ommaviy axborot vositalari vakillari orqali keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat, deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Ajiniyaz Mnajov. –Bu esa, davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.