UFC boʻyicha Jahon chempioni taniqli sportchi Xabiba Nurmagomedovning murabbiyi va dunyoga mashhur AKA (American Kickboxing Academy ) asoschisi Xavyer Mendes Toshkentda boʻlib oʻzbek sportchilari uchun mahorat saboqlarini oʻtkazdi.
Mazkur tadbir zamonaviy “BeFitPro” sogʻlomlashtirish klubida oʻtkazildi.
Dunyo yakka kurash olamidagi taniqli murabbiy Xavyer Mendes yurtimizning taniqli va isteʼdodli sportchilari bilan uchrashib ularni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berdi. Oʻz hayot tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Murabbiy Oʻzbekistonda jang sanʼatlari toʻgʻri yoʻnalishda rivojlanib borayotganligiga va yaqin kelajakda yuritmizdan UFC chempionlari albatta kamol topishiga ishonch bildirdi. Murabbiylar, sportchilar va Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan boʻlgan doʻstona muloqotdan soʻng Mendes boks, dzyudo, taekvondo va MMA sportchilari uchun mahorat darslarini oʻtkazdi.
Aytib oʻtish kerak Xavyer Mendes koʻplab UFC chempionlarini tarbiyalagan va tarbiyalamoqda. Uning shogirdlari orasida ogʻir vazn toifasida dunyodagi eng nufuzli UFC promouterlik kamarlariga egalik qilganlari koʻpchilikni tashkil etadi va u yagona MMA murabbiyi hisoblanadi.

 

OʻzA