Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi tinchlik va osoyishtalik, osuda hayotning qadriga yetishga chorlashi bilan diqqatga sazovordir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston rus madaniyat markazi hamkorligida bu yerda tashkil etilgan tadbirdan shunday xulosaga kelish mumkin.
Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan mazkur maʼrifiy tadbir rasmiyatchilik va balandparvozlikdan holi tarzda gʻoyat samimiy ruhda oʻtdi.
Ishtirokchilar dastlab bogʻdagi mardlik va matonat, jasorat timsollari boʻlmish Zulfiya Zokirova hamda birinchi oʻzbek generali Sobir Rahimov haykallari poyiga gullar qoʻydi.
…Ayni kuz pallasi boʻlsa-da, majmua anvoyi gullarga toʻla. Billur favvoralar gʻalaba onlarining yaqinlashishiga oʻz joni, zahmatli mehnati, sabr-bardoshi bilan hissa qoʻshgan minglab hamyurtlarimizga tasannolar aytayotgandek goʻyo. Mana Oʻzbekistondan Vatan topgan bolalar haykali, unisi fashizm balosini yenggan muzaffar askarlar ramzi…
– Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab markazimiz koʻplab tadbirlar oʻtkazishni rejalashtirgan edi, – dedi Oʻzbekiston rus madaniyat markazi aʼzosi Aleksandr Aristov. – Lekin pandemiya sabab ularning ayrimlari toʻxtab qoldi. Ushbu boqqa nazarimda, eng avvalo inson qalb qoʻri sarflangan. Shuning uchun ham bu yerda biron befarq yurgan odamning oʻzini topolmaysiz. Majmuadagi muzey, undagi eksponatlar oʻsha ogʻir yillar haqida soʻzlaydi.
Darhaqiqat, shu kabi moʻtabar maskanlar, katta avlod vakillarining xotiralari yoshlarni fidoyilik, yurtga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalashda asosiy oʻrin tutadi. Ayni paytda mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat ham turli millatlar va diniy konfessiyalar oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlik, totuvlik, mehr-oqibat, tinchlik muhitini koʻz qorachigʻidek asrashga yoʻnaltirilgani bilan jahonda alohida eʼtirof etilmoqda, yuksak baholanmoqda.
– Otam, amakim Ikkinchi jahon urushining ishtirokchilari boʻlishgan, – dedi Zarafshon shahridagi rus madaniyat markazi faoli Tatyana Zalilova.- Bu muzey, undagi eksponatlar, umuman “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi mashaqqatli, munosib mehnatning samarasidir. Jonajon Oʻzbekiston mening Vatanim ekanidan, shu yerda istiqomat qilayotganimdan juda faxrlanaman. Bu dargohda inson hayajonlanmay, koʻzi yoshga toʻlmay qolmaydi.
Tadbirda mamlakatimizda barcha jabhalarni isloh etish, Gʻalabaga hissa qoʻshgan oʻzbekistonliklar xotirasini eʼzozlash borasidagi ezgu tashabbuslar haqida soʻz bordi. Maʼrifiy ekskursiya tarzida oʻtkazilgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

Nazokat Usmonova, OʻzA