Mamlakatimizda hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash va hayot darajasini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ularning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan dolzarb muammolarni bartaraf etilmoqda.
Pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirib, ularga manzilli yordam berilmoqda. Bu borada hamda iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatining barqarorligini taʼminlash va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashda sektorlarning oʻrni beqiyos.
Xususan, prokurorlar sektorlari tomonidan oʻtgan qisqa davr mobaynida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularni qiynab kelayotgan muammolar yechimini topish va ijobiy hal etish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, pandemiya sharoitida prokurorlar sektorlaridagi 149 ming 911 ehtiyojmand oilaga 7 milliard soʻmlik oziq-ovqat, 380 million soʻmlik dori-darmon, 12,9 milliard soʻmlik chorva, 6,6 milliard soʻm pul mablagʻlari tarqatildi.
Iqtisodiy, investitsiya, qishloq xoʻjaligi, qurilish komplekslaridagi loyihalar doirasida hamda rasmiy oʻzini-oʻzi band qilish va boshqa faoliyat turlari boʻyicha 124 ming 844 nafar ehtiyojmand oilaning ishsiz aʼzolari bandligi taʼminlandi.
Koʻrsatilgan amaliy yordam natijasida ijtimoiy ahvoli yaxshilanganligi sababli prokurorlar sektorlaridagi 72 ming 451 (48,3 foiz) ehtiyojmand oila mahalliy kengashlarning qarorlari asosida tegishli roʻyxatlardan chiqarildi.
Sektorlarga qoʻyilayotgan vazifalar koʻlami kundan-kunga ortayotganligi esa ularning xalq manfaati yoʻlidagi faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishni taqozo etmoqda. Ushbu maqsadda ichki imkoniyatlardan foydalangan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida sektorlar faoliyati bilan bogʻliq vazifalar ijrosi uchun masʼul boʻlgan mazkur hududlar prokurorlarining katta yordamchisi lavozimi joriy etildi.
Joriy yilning 31-oktyabr kuni Buxoro shahrida bevosita sektorlar ishi uchun masʼul boʻlgan katta yordamchilar ishtirokida Bosh prokuratura tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari bilan hamkorlikda “Pandemiya sharoitida hamda yaqin istiqbolda sektorlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi dolzarb vazifalar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi xodimlari, Bosh prokuratura va uning quyi tuzilmalari masʼul xodimlari, Buxoro viloyati hokimligi, IIB, soliq idoralarining sektor kotiblari, viloyat xalq qabulxonasi vakillari, barcha tuman (shahar)lar 2-sektor kotiblari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Seminar-treningda aholini qiynayotgan muammolar bilan ishlash tizimi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, prokuratura masʼul xodimlariga sektorlar oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalar, saxovat.argos.uz sayti bilan ishlash tartibi, sektorlarda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ning yuritilishi, ularga ehtiyojmandlar, yoshlar hamda ayollarni kiritishning mezonlari, keng jamoatchilik, xususan ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning oʻziga xos jihatlari atroflicha tushuntirildi.
Tadbir bahs-munozara ruhida oʻtdi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob oldilar.
Tadbir ishtirokchilari Buxoro viloyati tuman va shaharlari 2-sektorlarida ham boʻlib, yangi va muhim vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari bilan bevosita tanishdi hamda oʻzaro tajriba almashdi.