Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov videokonferensiya shaklida oʻtgan tashqi ishlar vazirlari darajasidagi “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining ikkinchi yigʻilishida ishtirok etdi.
Oʻtgan yili Samarqandda asos solingan ushbu diplomatik platforma mintaqaviy hamkorlik koʻlamini kengaytirishda dolzarb va samarali mexanizmga aylandi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi tarixiy aloqalarning yangi bosqichga koʻtarilganidan dalolatdir. Zero, har ikki davlat asrlar davomida Yevropa – Osiyo savdo munosabatlarida oʻziga xos darvoza hisoblangan.
Oʻzbekiston va Hindiston qadimdan ilm-fan taraqqiyoti va tinchlikka intilib, xalqlar birdamligi uchun hamkorlikka alohida eʼtibor qaratgan. Buyuk bobokalonlarimiz Hindiston xalqining tarixi bobida benazir asarlar yaratgani, oʻzbek va hind sanʼatlari milliy madaniyatlar va adabiyotlarimiz sarchashmalaridan birdek bahramand boʻlgani ham ayni haqiqat.
Xususan, Abu Rayhon Beruniy moʻjizalar mamlakati haqida “Hindiston” asarini yozgan boʻlsa, Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz “Muxtasar”ida Xusrav Dehlaviy ashʼorlarini keltiradi. Bugun esa ikki davlat rahbarlari maʼnaviy yaqin, urf-odati, hayotiy qarashlari oʻxshash xalqlar tarixiy munosabatlarida yangi davrni boshlab berdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil oktyabr oyida Hindistonga birinchi davlat tashrifi chogʻida hind xalqiga yuksak hurmat-ehtirom ramzi sifatida Narendra Modiga buyuk mutafakkir Robindranat Tagorning oʻzbek tilida chop etilgan 8 jildli asarlar toʻplamini sovgʻa qildi. Ilmiy, maʼrifiy, madaniy yaqinlik xalqlarimizning bugungi kunda ham Sharqu Gʻarb boʻylab ilm-fan yutuqlaridan birgalikda bahramand boʻlayotganidan dalolat. Bu, oʻz navbatida, birgalikda savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirishga imkon berib, hamkorlikning joriy bosqichida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida qaror topgan strategik sheriklik aloqalarini har tomonlama mustahkamlamoqda.
Qayd etish joiz, Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Diplomatik aloqalar: mintaqaviy barqarorlik yoʻlidagi hamkorlik
Oʻzbek va hind xalqlari oʻrtasidagi diplomatik aloqalar uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Xususan, Temuriyshoh Shohrux Mirzo Hindiston bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini oʻrnatish uchun 1433-yil Xoʻja Abulmakoim boshchiligidagi elchilarni hind yurtiga yuboradi. Bu eʼtiborga javoban Nasiriddin Mahmudshoh 1437-yil oʻz elchilarini Samarqandga yoʻllaydi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, har ikki xalq bugungi kunda boʻlgani kabi oʻsha kezlarda ham mintaqaviy barqarorlikka intilgan. Masalan, XV asrda Bengaliya va Jounpur hokimliklari oʻrtasida murosasizlik yuz beradi. Shohrux Mirzo har ikki tomonga elchi yuborgach, muxolif tomonlar oʻrtasidagi keskin raqobat barham topadi.
Keyinchalik Temuriylar sulolasi vakili Zahiriddin Muhammad Bobur tarixiy sharoit sabab Movarounnahr zaminini tark etib, Hindiston sari yuzlanadi. Ushbu voqelik Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanida Bobur tilidan shunday bayon qilinadi: “Yorugʻ bir istiqbolni Hindiston tomondan izlamoqdamen…”.
Hindistonda 300-yildan ortiq davrda ulkan saltanatga asos solgan sulola “Boburiylar” nomi bilan tarixda qoldi. Bu yerda qaror topgan tinchlik tufayli moddiy va madaniy hayot taraqqiy etib, betakror obidalar, qadriyatlar yaratildi. Oʻzbek va hind xalqining siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalari va hamkorligi keng koʻlamda rivoj topdi.
1965-yil avgust-sentyabr oylarida Hindiston bilan Pokiston oʻrtasida qurolli mojaro yuz berdi. Xalqaro hamjamiyat ikki davlatni yarashtirish choralarini koʻradi, muzokaralar uchun esa Toshkent shahri tanlanadi. Shu tariqa Oʻzbekiston hududi dunyoga tinchlik ilingan mamlakat sifatida yana bir bor tarixda qoldi.
Istiqlol yillari: hamkorlikning huquqiy asoslari
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, 1992-yil 18-mart kuni Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatish haqida protokol imzolandi. 2011-yil Strategik sheriklik haqida qoʻshma bayonot qabul qilindi. Mintaqaviy, tashqi siyosat masalalarida oʻzaro fikr almashish va yakdil harakatlarni tashkil qilish maqsadida 1997-yildan Oʻzbekiston va Hindiston tashqi siyosat mahkamalarining siyosiy maslahatlashuvlari doimiy asosda tashkil etib kelinmoqda.
Joriy yilning iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida Hindiston parlamenti palatalari bilan hamkorlik guruhlari tuzildi. Natijada davlatlarimizning qonun ijodkorligi yoʻlidagi hamkorligining aniq mexanizmi yaratildi, shu orqali barcha sohalardagi munosabatlarni sifat jihatidan yaxshilashga imkon tugʻildi.
Oʻzbekiston va Hindiston hamkorligida yangi tarixiy qadamlar
Oʻzbekiston ulkan iqtisodiy imkoniyatlarga ega Hindiston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Soʻnggi yillarda texnologiya, innovatsiya, sogʻliqni saqlash, xizmat koʻrsatish sohalari rivojiga katta eʼtibor berayotgan mamlakatimiz uchun Hindiston tajribasi va texnologiyalari muhim ahamiyatga ega. Oʻz navbatida, Hindiston uchun ham Markaziy Osiyo mintaqasida qulay savdo yoʻlida joylashgan, mintaqada jadal rivojlanayotgan, investorlarni qoʻllab-quvvatlayotgan Oʻzbekiston istiqbolli hamkordir.
Bugungi kunda ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqoti xalqlarimiz manfaati yoʻlida barcha sohalarda sheriklikni yuqori darajada rivoj toptirishga xizmat qilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 va 2019-yillar Hindistonga oliy darajadagi tashriflari oʻzaro munosabatlarda yangi sahifa ochdi.
Ushbu tashriflar doirasida Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsiya, transport, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Hindiston yalpi ichki mahsulot hajmi boʻyicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri. Shu bois savdo-iqtisodiy hamkorlik mamlakatlarimiz munosabatida alohida oʻrin tutadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Hindiston sarmoyasi ishtirokida 280 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Dehlida Hindiston – Oʻzbekiston savdo uyi ochilgani, Toshkentda Oʻzbekiston – Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish markazi tashkil etilgani ikki mamlakat ishbilarmonlari faolligini oshirishga yordam bermoqda.
Qadimda “Buyuk Hindiston” deya atalgan karvon yoʻli hind zaminini Markaziy Osiyo bilan bogʻlagan. Bugungi kunda ham Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlari oʻrtasida ishonchli savdo va transport kommunikatsiyalarini yaratishga zarurat tugʻilmoqda. Shu maʼnoda Oʻzbekiston rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan transafgʻon temir yoʻl loyihasi istiqbolda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida oʻzaro savdoni yana-da rivojlantirishga imkon beradi.
Oliy darajadagi tashriflar yakunlari ham barcha sohalardagi, jumladan, ilmiy va ijodiy sheriklikni yangi bosqichga koʻtarish, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish, turizm, qishloq xoʻjaligi, fan-texnika va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Koinotni tadqiq etish va undan tinchlik maqsadlarida foydalanish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, sogʻliqni saqlash va tibbiyot ilmi sohasida hamkorlik kabi turli sohalarda 20 ta hujjat imzolandi. Erishilgan kelishuvlar bugun hayotda oʻz samarasini bermoqda.
Jumladan, Prezidentimiz tashrifi natijasida Toshkentda Amiti, Andijonda Sharda universitetlari filiallari ochildi. Joriy yil sentyabrda mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari orasida birinchi boʻlib Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti Hindistonda oʻz filialini ochdi. Shu tariqa milliy kadrlar tayyorlash siyosatidagi hamkorlik yana-da faollashmoqda.
Oʻzbekiston bugun Hindiston misolida mintaqada savdo munosabatlarini yana-da rivojlantirish, barqarorlikni mustahkamlashda ishonchli sherikni koʻradi. Oʻz navbatida, Hindiston Oʻzbekiston rahbariyatining innovatsion yondashuvi hamda ichki va tashqi siyosati samarali ekanini qayd etib, hamkorlikka intilmoqda.
Jumladan, hamkor mamlakatning “Business Central Asia” jurnalida chop etilgan maqolada mamlakatimizdagi islohotlar eʼtirof etilib, “Bu nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishidan manfaatdor xorijiy hamkorlar uchun ham muhimdir” deya qayd etiladi. Hindistonlik ekspert Mina Sinx Roy Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni qayd etar ekan, mamlakat uchun taʼlim, diniy va dunyoviy bilimlarni egallash jamiyatni rivojlantirish va zamonaviy xavf-xatarlarni oldini olishning asosi hisoblanishini qayd etadi.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston mintaqada taraqqiyotning yangi davrini boshlab bermoqda. Azaliy doʻst mamlakat Hindiston esa ushbu intilishlarni faol qoʻllab-quvvatlamoqda.
Ulugʻbek Shonazarov,
“Dunyo” AA sharhlovchisi
OʻzA