Ikki kunlik tadbir davomida “Khorezm Palace” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ichki turizm boʻyicha menejeri Ilhom Bekchanovning rahbarligida mehmonlar karantin qoidalariga qatʼiyan amal qilgan holda Urganch va Xiva shaharlarining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Xorazm oʻzining qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, xushmanzara tabiati, betakror qadriyat va anʼanalari bilan jahon sayyohlarini oʻziga rom etib kelmoqda. Arxeologik tadqiqodlarning koʻrsatishicha, Xiva shahri kamida 2500 yoshga kirgan. Bularning hammasi YUNESKO tashkilotiga Xivani qoʻriqxona ahamiyatidagi shahar deb eʼlon qilishga, shaharning ichki qismi boʻlgan Ichan-qalʼani esa jahon ahamiyatidagi tarixiy yodgorlik deb eʼtirof etishga asos boʻlgan. Xiva shahrida 64 ta madrasa mavjud boʻlib, shular ichida eng yirigi Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan qurilgan madrasa hisoblanadi.
Ichanqalʼa – Oʻrta Osiyodagi yirik va noyob meʼmoriy yodgorlik. Unga 4 ta-Bogʻcha darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza, Ota darvozadan kirilgan. Meʼmoriy yodgorlik devori ilk bor eramizdan avvalgi VI-V asrlarda qurilgan boʻlib, davr oʻtishi bilan bir necha bor taʼmirlangan. Devorning balandligi 7-8 metr, qalinligi quyida 8-10, yuqorida 2-3 metrni tashkil qiladi, uning ustida bemalol aravada yurish imkoni boʻlgan. Kalta Minor minorasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi va boshqa tarixiy obidalar sayohatchilarda yaxshi taassurot qoldirdi.
Ikkinchi kuni Urganch shahridagi “Oxund bobo” jomeʼ masjidiga ziyorat tashkil etildi. Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash, ulugʻ avliyolar, tabarruk insonlar qadamjolarini obodonlashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yilda vohaga tashrifi doirasida “Oxund bobo” jomeʼ masjidi yangi zamonaviy loyihadagi binosi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi va qisqa muddatda foydalanishga topshirildi. Bu yerda hazrati Niyoz Muhammad Oxund boboning tabarruk qabri boshida qurʼon tilovat qilindi.
Mehmonlar Jaloliddin Manguberdi majmuasida ham boʻldi. 1999-yilda tavalludining 800-yilligi munosabati bilan bunyod etilgan majmua markazida J.Manguberdining 14,5 metrlik salobatli haykali joylashgan. Yodgorlik mamlakatimizdagi eng baland monumentlardan biri hisoblanadi. Mustaqillikdan keyin uning ozodlik uchun kurashiga yuqori baho berilgan holda “Jaloliddin Manguberdi” ordeni taʼsis qilindi.
–Ikki kunlik sayohat davomida koʻplab tarixiy obidalarda boʻldik, –deydi “Qoraqalpoqyoʻlkoʻkalam” unitar korxonasi ishchisi Gulzorxon Yerniyazova. –Bunday tadbirni tashkil etgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga, Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashiga hamda “Khorezm Palace” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga minnatdorshilik bildiramiz. Kelgusida mamlakatimizning Toshkent, Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlariga ham mana shunday sayohatlar tashkil etilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Shunday qilib, qadimiy va navqiron Xorazm viloyatining tarixiy joylariga sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.