Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Institut-ulugʻ taʼlim dargohi” mavzusida 2020-2021 oʻquv yilida qabul qilingan 1 kurs talabalariga guvohnoma topshirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Mazkur oliy oʻquv yurti rektori B.Otemuratov bakalavr va magistr taʼlim yoʻnalishlariga qabul qilingan talabalarni qutlab, kelgusi oʻqishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Bundan soʻng yangi oʻquv yilining boshlanganini bildiruvchi ramziy kaliti va talabalik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.

photo_2020-10-31_19-59-14.jpg

Taʼkidlanganidek, mazkur institutga 2019-2020 oʻquv yilida 19356 nafar, 2020-2021 oʻquv yilida 33216 nafar abituriyent hujjat topshirgan boʻlsa, shundan oʻtgan oʻquv yilida bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 1840 nafar, joriy yilda esa, 2125 nafar talaba qabul qilindi.

Shuningdek, 2019-2020 oʻquv yilida 19 ta mutaxassislik boʻyicha 96 nafar, joriy yilda 22 ta mutaxassislik boʻyicha 110 nafar magistr qabul qilindi.

photo_2020-10-31_19-59-17.jpg

Tadbirda professor-oʻqituvchilar soʻzga chiqib, mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish borasidagi ishlarga, talaba yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlarga toʻxtalishdi. Turli koʻrik-tanlovlar hamda sport muboqalarida gʻolib boʻlgan talabalarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tantanali tadbir talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA