Adiblar xiyobonidagi ayrim gipsdan ishlangan haykallar bronzaga alishtirilmoqda.

Adiblar xiyobonida yigirma besh nafar yozuvchi va shoirlarimizga bronza, mis va gipsdan haykallar oʻrnatilgan. Ular 13 nafar haykaltarosh tomonidan ishlangan. Bu yil oʻrnatilgan haykallar orasida gipsdan ishlanganlari koʻp boʻlgan. Yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi Fozil Farhod bu haqida xabar berar ekan, haykallar nima uchun avval gipsdan yasalganiga izoh berib oʻtdi. “Bilasiz, gipsdan yasalgan yodgorlikning umri qisqa, yomgʻir-qorga chidamsiz boʻladi.

Shu bois ularning tezda toʻkilish ehtimoli katta. Bundan oʻn yillar avval Oybek, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Zulfiya, Said Ahmad va Saida Zunnunovaga gipsdan oʻrnatilgan yodgorliklar uzoq yillar turib qolgani bois toʻkilib ketganini koʻpchiligimiz bilamiz. Keyinchalik bu haykallar mis va bronzaga almashtirildi. Adiblar xiyobonidagi Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Mahmudxoʻja Behbudiy, Toʻlepbergen Qayipbergenov, Aleksandr Faynbergning gipsdan yasalgan haykallari bronzaga almashtirilmoqda”, deydi yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi.

Maʼlumotlarga koʻra, noyabr oyida Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Abdulla Avloniy, Ibroyim Yusupov singari yozuvchi-shoirlarning gipsdan ishlangan haykallari bronzaga oʻzgartiriladi. Oʻzbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyotshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzodaga esa biratoʻla bronzadan haykal oʻrnatiladi.

 

OʻzA