Joriy yilning 2-4-noyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti – FAO Mintaqaviy konferensiyasining Yevropa uchun oʻttiz ikkinchi sessiyasi COVID-19 pandemiyasi va epidemiya bilan bogʻliq jamoatchilik sogʻligʻini saqlash sohasidagi muammolar tufayli virtual formatda boʻlib oʻtadi.

FAOning mintaqaviy konferensiyasiga ilk bor Oʻzbekiston raislik qilmoqda. Demak, yigʻilishni mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayev boshqarib boradi. Eslatib oʻtamiz, FAO har ikki yilda Yevropa uchun Mintaqaviy konferensiya oʻtkazib keladi. Mazkur uchrashuv mintaqada oziq-ovqat xavfsizligiga oid asosiy chaqiriqlar bilan bogʻliq muammolarni muhokama qilish uchun qulay maydoncha boʻlib xizmat qiladi. Oldinroq tadbir joriy yilning 5-7-may kunlari Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Afsuski, pandemiya sabab tadbirni orqaga surish va onlayn tartibda oʻtkazishga qaror qilindi.

BMTning oziq-ovqat tizimi boʻyicha Sammiti arafasida 2021-yil Mintaqaviy konferensiya Yevropa va Markaziy Osiyoda barqaror oziq-ovqat tizimini yaratish va sogʻlom ovqatlanishga oid masalalarga alohida eʼtibor qaratadi. Davra suhbati doirasida ovqatlanish va barqaror oziq-ovqat tizimi holati, shuningdek, mintaqadagi tegishli muammolar, imkoniyatlar koʻrib chiqiladi.

Konferensiyaning birinchi ish kunida yoshlar bandligi va qishloq joylarini rivojlantirish masalasi koʻtariladi. Muhokama jarayonida kichik yer egalari, oilaviy fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligida band boʻlgan yoshlar boʻyicha tahlil, xususan, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida qishloq hududlarini oʻzgartiradigan strategiya sharhi taqdim etiladi.

Anjumanda epidemiya tufayli yuzaga kelgan inqiroz tufayli shakllantiriladigan FAOning kelgusi faoliyatiga ham eʼtibor qaratiladi. Uchrashuv doirasida innovatsiyalar va raqamlashtirish, shuningdek, Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi qoʻmitasi ishi boʻyicha tadbirlar ham boʻlib oʻtadi. Bundan tashqari “2014-2019-yillarda FAO tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida oʻtkazilgan baholash sintezi” hujjati hamda FAOning “Qoʻlni qoʻlga berib” tashabbusi taqdim etiladi.

Mintaqaviy konferensiya ingliz, fransuz, rus va ispan tillariga toʻgʻridan-toʻgʻri sinxron tarjima qilinadi. Yalpi yigʻilish, vazirlar ishtirokidagi davra suhbati va boshqa tadbirlar Internet orqali translyatsiya qilinadi. Internet-translyatsiya, shuningdek, yigʻilish doirasidagi barcha tadbirlar yuqoridagi toʻrtta xorijiy tilda berib boriladi.

FAO Bosh direktori Syuy Dunyuy, uning oʻrinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha Mintaqaviy vakil Vladimir Raxmanin, Mintaqaviy vakil oʻrinbosari, Yevropa uchun Mintaqaviy konferensiya (YEMK) Kotibi Nabil Gandji, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri, konferensiya raisi Jamshid Xoʻjayev, 40 dan ortiq mamlakat qishloq xoʻjaligi vazirlari va yuqori darajadagi vakillari hamda kuzatuvchilar forumning asosiy maʼruzachilari hisoblanadi.


OʻzA