Ronaldusiz qolgan “Yuventus” oʻz maydonida “Barselona”ga magʻlub boʻldi

Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichi 2-turining markaziy uchrashuvi “Yuventus” hamda “Barselona” jamoalari oʻrtasida oʻtdi.
Turin shahrida oʻtgan uchrashuvda “Barselona” safarda oʻyin oʻtkazishiga qaramasdan 2:0 hisobida zafar quchdi. Kataloniyaliklarga gʻalaba keltirgan gollarga Usman Dembele va Lionel Messi mualliflik qildi. Shuni taʼkidlash lozimki, bahs mobaynida “Yuventus” jamoasi hujumchisi Alvaro Morata tomonidan kiritilgan 3 ta golning barchasi ofsayd tufayli bekor qilindi.
Shu tariqa “Barselona” “G” guruhida ikki uchrashuvda 6 ochko jamgʻargan holda peshqadamga aylandi. “Yuventus” esa bittadan gʻalaba va magʻlubiyat qayd etib 3 ochko bilan ikkinchi oʻrinda bormoqda. “Ferensvarosh” va “Dinamo Kiyev” klublari esa bir ochko bilan keyingi pogʻonalardan joy egallagan.

 

Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA muxbiri