Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturaga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi

Oliy Majlis yuqori palatasining oltinchi yalpi majlisida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturasiga parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida ushbu parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan Senat qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha alohida chora-tadbirlar tasdiqlanib, ijroga qaratilgan. Xususan, BMTning 1984-yildagi Konvensiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga qatʼiy amal qilish boʻyicha yangi tartib yoʻlga qoʻyilgan.
Ichki ishlar organlarining 468 ta maʼmuriy binosi, 91 ta vaqtincha saqlash hibsxonasi, 13 ta maxsus qabulxona, 12 ta reabilitatsiya markazi, 43 ta jazoni ijro etish muassasasi, 11 ta tergov hibsxonasida jami 9 ming 547 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatilgan. Prokuratura organlari tomonidan esa joriy yilning 7 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlarda 5 ming 116 ta tekshirish oʻtkazilib, aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 2 ming 783 taqdimnoma kiritilgan.
Bosh prokuratura va Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) bilan hamkorlikda tergov hibsxonalari, ozodlikdan mahrum etish joylari va shaxslar turgan, oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda xizmat olib boruvchi xodimlarining qiynoqqa solish, shafqatsiz va gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi xatti-harakatlarining barvaqt oldini olish hamda qonunchilik boʻyicha bilim saviyalarini oshirish, kasbiy malakasi va amaliy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan qisqa muddatli oʻquv dasturi ishlab chiqish muhimligi bildirildi.
Qolaversa, 2021-yil yakuniga qadar barcha hududiy tergov boʻlinmalarida soʻroq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus tergov xonalari tashkil etish zarurligi borasida soʻz yuritildi. Shuningdek, Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga ham tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlariga har chorakda tegishincha ichki ishlar va prokuratura organlari rahbarlarining oʻz faoliyatlari toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitishda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan sodir etilgan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz jazo turlarini qoʻllaganlik holatlariga alohida eʼtibor qaratish va muhokama qilib borish tavsiya etildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
photo_2020-10-21_12-56-25.jpg

 

N.Nasriyev, OʻzA