Til milliy oʻzlikni anglash asosi

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ellikqalʼa tumani boʻlinmasi hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqalʼa pedagogika fakulteti hamkorligida “Til – milliy oʻzlikni anglash asosi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.
Tadbirda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ellikqalʼa tumani boʻlinmasi rahbari A.Matniyazova, Ellikqalʼa tumani hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi I.Xoʻjaniyazov, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Q.Qodirov, fakultet dekani professor J.Allanazarovlar taʼkidlaganidek, sobiq ittifoq hukmronlik qilib turgan bir paytda – 1989-yilning 21-oktyabrida “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi va uning 1-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir” deb, belgilab qoʻyilishi mamlakatimiz mustaqilligi sari qoʻyilgan birinchi va muhim qadamlardan biri sifatida baholanadi.
Darhaqiqat til millat koʻzgusi, uning gʻururi, tafakkuri manbaidir. Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur.
photo_2020-10-19_18-12-40.jpg
photo_2020-10-19_18-12-44.jpg
Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur” degan ibratli fikrlari bugungi kunimiz uchun ham muhimdir. Tilni asrash, oʻrganish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yana-da rivojlanishi, taʼlim-tarbiya jarayoniga tatbiq qilinishi quvonarli holdir”.
Anjumanda iqtidorli talabalar oʻzlarining ishlagan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” mavzusidagi video-roliklari, ijodiy insholari hamda sheʼrlarini taqdim qildi.
Tadbir doirasida gʻolib talabalar Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ellikqalʼa tumani boʻlinmasi tomonidan “Tashakkurnoma” hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA