Firibgarlik qilgan shaxslarga jinoyat ishlari ochildi

Oʻzbekistonliklarning nodavlat respublika jamoat birlashmasi Xorazm viloyati hududiy boʻlinmasi rahbari S.K. fuqaro S.V.ning ishonchiga kirib, uni Astraxan davlat texnika universitetiga onlayn test imtihonidan oʻtkazib qoʻyish orqali oʻqishga kiritib qoʻygan.

Buning evaziga esa birlashma xizmati uchun 2 million soʻm hamda oʻqishga kirganligi haqida buyruq chiqarib berish uchun 700 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan.

Bu Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Urganch shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi.

Andijonda fuqaro A.X. va boshqalar oldindan til biriktirib, dori vositalari narxini sunʼiy ravishda oshirib muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni koʻzlagan. Shu maqsadda xaridor M.P.ga xorijda ishlab chiqarilgan “Propinem”, “Miropenem” va “Bitsiklol” dori vositalarini 13 ming 550 AQSH dollari va 34,9 million soʻmga sotgan vaqtida Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Namanganda fuqarolar S.J. va B.K.lar noqonuniy daromad orttirishni koʻzlab, oldindan til biriktirib, fuqaro B.O.ga umumiy vazni 266,48 gramm boʻlgan uch dona “Plat” deb nomlangan metallni firibgarlik yoʻli bilan oʻtkazish maqsadida (ushbu metall qimmatbaho ekanligiga ishontirib) har bir grammini 900 ming soʻmdan hisoblab, 25 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan, 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Departamentning Uychi tumani boʻlimi tomonidan tuman IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Ekspertiza xulosasiga koʻra, qonunbuzarlardan olingan uch dona qizgʻish rangli quyma metall boʻlaklari tarkibida qimmatbaho metallar mavjud emasligi aniqlangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga koʻra, yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

 

OʻzA