Xizmat koʻrsatish sifati yana-da yaxshilanadi

Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman boʻlimlariga 11 dona xizmat avtomashinasi topshirildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari I.Boqijonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari J.Kazbekov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi direktori O.Genjebayev soʻzga chiqib, mamlakatimizda iqtisodiyot sohalarida va aholi punktlarida hosil boʻladigan maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish, chiqindilarni qayta ishlashda yuqori texnologiyalar qoʻllaniladigan ishlab chiqarishlarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtalishdi.
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 29-sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida hududlarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikning yangi modeli bosqichma-bosqich joriy etilib, davlat korxonalari hisobidagi chiqindi poligonlari chiqindilarni saralash va qayta ishlash boʻyicha texnologiyalarni tatbiq etgan holda qoʻshimcha ravishda kapital qoʻyilmalar va investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan xususiy sherikka uzoq muddatga foydalanishga beriladi. “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 120 ming 131 tonna qattiq va 22 ming 519 tonna suyuq chiqindi poligonlarga joylashtirilgan.
Tizimda davlat xususiy sherikchilikni yoʻlga qoʻyish hamda amaldagi korxonalarga yangi texnikalar xarid qilish va chiqindi yigʻish punktlarini koʻpaytirish hisobiga joriy yil 1-sentyabr holatiga mahalla fuqarolar yigʻinlarini maishiy chiqindilarini toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 288 tani tashkil etadi. Bu koʻrsatkich kelgusi yilning 1-iyul holatiga 356 ta va 2022-yilning 1-yanvar holatiga 412 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga yetkazilib, qamrov 100 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki kredit mablagʻlari hisobidan Nukus shahri, Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak tumanlarida umumiy qiymati 120 million yevro boʻlgan “Maishiy chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish va poligonlarni qurish” loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan.
–Bu oʻz navbatida aholidan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish va ularni maxsus poligonlarga joylashtirish ishlarining yana-da yaxshilanishiga xizmat qiladi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya qoʻmitasi raisining matbuot kotibi – axborot siyosati boʻyicha maslahatchisi Ulbosin Mirzanazarova. – Eng asosiysi, atrof-muhitning chiqindilar bilan ifloslanish darajasini kamaytirishga erishiladi.
Tadbir soʻngida “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman boʻlimlariga xizmat avtomashinalari topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA