Xorijda tugʻilgan chaqaloq uchun “suyunchi” puli olishda qulaylik yaratildi

FHDYO sohasida huquqiy xizmat koʻrsatishda fuqarolarga yana bir qulaylik yaratildi.
Oʻzbekiston Davlat xizmatlari agentligi maʼlumotiga koʻra, tugʻilishi chet elda qayd etilgan farzandlarga “suyunchi” pulini olish uchun FHDYO boʻlimiga belgilangan tartibda apostil qoʻyilgan yoki legalizatsiya qilingan guvohnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish kifoya.
FHDYO boʻlimi tegishli maʼlumotlarni elektron tizim orqali Pensiya jamgʻarmasiga yuboradi. Fuqarolar esa, toʻgʻridan-toʻgʻri Xalq bankiga murojaat qilib, sanoqli daqiqalarda “suyunchi puli”ni olib ketishlari mumkin.
Bu kabi huquqiy xizmat vafot etganligi chet elda qayd qilingan Oʻzbekiston fuqarolariga dafn pulini olish uchun ham joriy etildi.

 

OʻzA