“Eng kitobxon maktab” loyihasida Qoʻngʻirot tumani koʻrsatkichi past boʻldi, Moʻynoq esa yaxshiroq

Avval xabar qilganimizdek, Qoraqalpogʻiston maktablarida “Eng kitobxon maktab” loyihasi doirasida kitob yarmarkalari oʻtkazilmoqda. Tadbir Moʻynoqda yakunlandi va Qoʻngʻirot tumanida davom etmoqda.

“Kitob markazi” – “Kitob dunyosi” kitob tarmoq markazlari mutaxassisi I.Axundjanovning maʼlum qilishicha, kitob yarmarkasiga tuman xalq taʼlimi boʻlimi sust qaragan, maktablarning ishtirok etishi past. Nisbatan Moʻynoq tumanida tadbir yaxshi oʻtgan. Tuman hokimining oʻzi ham bunga katta qiziqish bildirgan.

Tadbir barcha tumanlar va Nukus shahrida oʻtkaziladi.

Savdo yarmarkalari karantin qoidalariga toʻliq rioya qilingan holda maktab sport zali yoki majlislar zalida, har kuni bir vaqtda (ertalab soat 10:00dan-17:00gacha), imkoniyatlardan kelib chiqqan holda 10-20 ta maktabda oʻtkaziladi.

Loyiha doirasida oʻtkaziladigan kitob yarmarkalari davomida oʻquvchilar, ularning ota-onalari va oʻqituvchilar eʼtiboriga oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida chop etilgan 1500 xildagi sifatli kitob mahsulotlari taqdim qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, loyiha yakunida “Iqtidorli oʻquvchi”, “Eng faol kutubxonachi”, “Faol maktab direktori”, “Eng faol OAV xodimlari”ga, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasida qayd etilgan umumiy natijalarga koʻra, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan tuman xalq taʼlimi boʻlimlariga qimmatbaho sovgʻalar, “Eng kitobxon maktab” loyihasida gʻolib chiqqan eng kitobxon tuman xalq taʼlimi boʻlimiga esa “NEXIA-3” avtomobili tantanali ravishda topshiriladi. Bundan tashqari, eng koʻp kitob sotib olingan maktabga “SPARK” avtomobili sovgʻa qilinadi.

 

Esimqan Qanoatov, OʻzA