Qoraqalpogʻiston Respublikasi Boʻzatov tumanida “Yoshlar markazi” binosi foydalanishga topshirildi.
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qayta tashkil etilgan Boʻzatov tumanida oʻtgan qisqa vaqt mobaynida zamonaviy inshootlar qad rostlab, foydalanishga topshirilmoqda. Jumladan, tekstil korxonasi, zamonaviy amfiteatr, futbol maydonchasi va boshqa mana shunday obyektlar yoshlarning bandligini taʼminlash, ularning boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazishga xizmat qilmoqda.
Buni Prezidentimiz Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining yaqinda boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida soʻzlagan nutqida ham alohida qayd etdi. Ayniqsa, mamlakatimiz yigit-qizlarini mazkur hudud hayoti bilan tanishtirish maqsadida kelgusi yili Qoraqalpogʻistonda, aynan Boʻzatov tumanida Yoshlar festivali tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi yoshlarga katta kuch-quvvat bagʻishladi.
Yangidan barpo qilingan muassasada Axborot-resurs markazi, ingliz tili, “Axborot kommunikatsiya texnologiyalari” kabi bir qator toʻgaraklar faoliyat yuritadi.
Shu kuni Prezidentimizning 2020-yil 30-iyundagi farmoni asosida yangidan tashkil qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Boʻzatov tumani raisini tayinlash majlisi ham boʻlib oʻtdi. Nizamatdin Toʻremuratov Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Boʻzatov tumani boʻlimi raisi etib tayinlandi.
Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA