A. Saʼdullayev Prezidentning parlamentga murojaati yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirar ekan, “Oʻzbekiston aholisining 60 foizi yoshlardan tashkil topadigan boʻlsa, shuncha yosh bilan bitta tashkilot ishlay olmaydi. 2020-yilda oldimizga qoʻygan maqsad avvalgilardan farqli oʻlaroq, barcha tashkilotlarga yoshlar bilan ishlash usullarining namunalarini koʻrsatmoqchimiz. Shu yil yoshlar uchun 15 ming, 20 ming yangi ish oʻrnini yaratishni reja qilganmiz”, deya vaʼda bergan.
OʻzA muxbiri ittifoqning matbuot bilan ishlash boʻlimiga murojaat qilib ushbu vaʼda qanchalar amalga oshgani bilan qiziqdi.
Yoshlar ittifoqi maʼlumotiga koʻra, 2020-yil davomida yosh tadbirkorlarning 2 267 ta loyihalariga 461 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan boʻlib, joriy yilning 1-sentyabr holatiga 1 303 ta loyihaga 298,5 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish orqali 9 111 nafar yangi ish oʻrni yaratilishiga erishilgan.
Kelgusida esa, 964 ta loyihaga 162,5 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish orqali 4 638 nafar yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Shu qayd etish oʻrinliki, yoshlarga imtiyozli kredit berish orqali ularni tadbirkorligini rivojlantirish hamda yangi ish oʻrinlari tashkil etish masalalari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash qoshidagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasining ustuvor vazifalaridan biri sanaladi.