Yangi Oʻzbekiston – yangi global tashabbuslar

Oʻzbekiston dunyo nigohida 

Sobiq ittifoq tarkibida boʻlgan va mustaqillikka erishgan har bir davlat uchun siyosiy tarix saboqlari oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo davlatlarining har biri suveren, mustaqil davlatlarni barpo etishning asosiy, strategik vazifalarini muvaffaqiyatli hal qilishga intilib, yaxshi qoʻshnichilik va tinch-totuv yashash gʻoyalarini bayroq qilgancha, oʻzining sinov va ijodiy oʻzgarish yoʻllarini bosib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston muvaffaqiyatli evolyutsion taraqqiyotning yorqin misoli boʻlib, bu yerda siyosiy va iqtisodiy modernizatsiyalash borasidagi olib borilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar demokratik oʻzgarishlarni qaytarib boʻlmas holga olib kelgan yangi mamlakat barpo etishga imkon berdi. Ushbu xarakterdagi evolyutsiya jarayoni oson emas, sobiq ittifoq tarkibida boʻlgan davlatlar uchun bu ish ikki baravar murakkab sanaladi.

Davlat qurilishi sohasidagi muvaffaqiyatli, yaratuvchanlik ishlarning siri, umuman olganda, mamlakatni barpo etish ishiga ongli yondashish, oʻz strategiyasini amalga oshirish ishiga bosqichma-bosqich yondasha olishdir. Jahon tendensiyalarini sinchkovlik bilan kuzatib boradigan Oʻzbekiston oʻz xalqi hayoti tajribasidan kelib chiqqan, chuqur tarixiy anʼanalardan foydalangan holda davlat va jamiyat rivojlanishini oʻzining suverenitet gʻoyalariga muvofiq ravishda belgilab olgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida jadid ajdodlarning “Haq berilmas, haq olinur!” jumlasini takrorladi. Aynan shu nutqda Oʻzbekiston rahbari shunday taʼkidladi:

“Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir.

Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Istiqlol yillarida bosib oʻtgan shonli yoʻlimizga nazar tashlab, ertangi kunimizga, oʻz kuch va imkoniyatlarimizga boʻlgan ishonchimiz yana-da ortmoqda. Mamlakatimizni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasiga muvofiq barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz bu borada hal qiluvchi omil boʻlmoqda.

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan daʼvatkor gʻoya hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Biz ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni taʼminlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni qoʻymoqdamiz.

Keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy oʻzgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda. Mamlakatimiz fuqarolari qayerda boʻlmasin, davlat himoyasida ekanini, qonun va adolat kuchini his etib yashamoqda.

Bugun bir haqiqatni qatʼiy ishonch bilan aytish mumkin: dunyoda turli xavf-xatarlar, manfaatlar toʻqnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali vaziyatda Oʻzbekistonda shakllangan yangi tizim oʻzini toʻla oqlamoqda”.

Kuni kecha BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi vakili sifatida janob Shavkat Mirziyoyev oʻz mamlakati tomonidan dunyo hamjamiyatiga bir qator tashabbus va bayonotlarni taqdim etdi.

Ular qatorida quyidagilarni taʼkidlash muhim:
Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish; Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirish; BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish; Qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish; Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish; Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kunini nishonlash; BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish; Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi doirasidagi qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish; 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzuida xalqaro forum oʻtkazish; Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish; Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining 2021-yilda bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklifini maʼqullash; xalqaro hamjamiyatning pandemiyaga qarshi samarali kurashish boʻyicha barcha harakatlarini, jumladan, zarur dori-darmon hamda vaksinalar ishlab chiqish va ulardan keng foydalanishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash.

Taklif etilayotgan har bir tashabbus chuqur anglanganligini tushungan holda, barcha oʻzbek tashabbuslari va bayonotlari nafaqat davlatning ichki hayoti bilan bogʻliqligini, balki ularning dunyo uchun, shu jumladan, butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ahamiyatini hisobga olgan holda yuqorida bayon qilingan tashabbuslardan ikkitasini batafsil koʻrib chiqaylik.
BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi mavzusi Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida aytib oʻtilgan edi. Oʻzbekiston bu oʻtgan vaqt mobaynida mazkur yoʻnalishda katta ishlarni amalga oshirdi. Mamlakatning BMT bilan hamkorligi boʻyicha “yoʻl xaritasi” doirasida alohida reja ishlab chiqildi. Bu yil Samarqandda “Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” mavzuida inson huquqlari boʻyicha nufuzli forum oʻtkazildi. Shu yerda Yoshlar huquqlari borasidagi konvensiya loyihasi muhokama qilindi. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston mamlakatning ushbu yoʻnalishdagi muammoni olib chiqishi bejiz emasligini tasdiqladi. Mamlakatda yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitoxonlikni targʻib qilish va ayollar bandligini taʼminlash kabi vazifalari oʻz ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda. Vazifalari yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularning zamonaviy kasb va koʻnikmalarni, raqamli iqtisodiyotni puxta egallashlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish va ularni ish bilan taʼminlash jarayonlariga koʻmaklashish sanalgan Yoshlar bilan ishlash agentligi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yana-da takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda. 2017-yildan boshlab Butunjahon Oʻzbekiston yoshlari assotsiatsiyasi faoliyat yuritib kelmoqda. Uyushmaning asosiy maqsadi chet elda oʻqiyotgan va ishlayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning manfaatlarini himoya qilishdir. Bugungi kunda Butunjahon Oʻzbekiston yoshlari assotsiatsiyasining 13 mamlakatda aʼzolari bor.Bugungi dunyoda omon qolish masalasi pandemiya sinoviga qanday qarshi turishimiz bilan bevosita bogʻliq. Oʻzbekiston pandemiya paytida zudlik bilan xalqaro ixtiyoriy majburiyatlarning xalqaro kodeksini ishlab chiqishni va uni targʻib qilishni boshlashni taklif etmoqda. Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibining “Gap dunyoning biron bir mamlakati, bir mintaqasi yoki bir qismini emlash haqida emas, balki har kim qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, arzon, xavfsiz va ishonchli dorilarga ega boʻlish haqida bormoqda” degan jumlasini anglashga daʼvat etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida Shavkat Mirziyoyev shunday deya taʼkidladi:
«…Bu baloga qarshi kurashish boʻyicha soʻnggi olti oy davomida misli koʻrilmagan ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, koʻplab yangi shifoxonalar va karantin zonalari ishga tushirildi. Katta miqdorda qoʻshimcha tibbiyot uskunalari va tez yordam mashinalari xarid qilindi. Eng ilgʻor xorijiy amaliyot va oʻzimizda toʻplangan tajriba asosida davolash usullari takomillashtirib borilmoqda. Koronavirusga qarshi kurashda tunu kun metin iroda bilan faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnatini munosib qadrlash doimiy eʼtiborimizda turibdi. Bunday chora-tadbirlarimiz natijasida minglab bemorlar shifo topib, oilasi bagʻriga qaytmoqda.
Chet davlatlarga mehnat qilish va oʻqishga ketib, pandemiya tufayli qiynalib qolgan yurtdoshlarimizni oʻz uylariga qaytarish, tegishli yordam koʻrsatish boʻyicha amalga oshirgan katta ishlarimiz davom ettirilmoqda”.
Faqatgina vaksina muammoni toʻla hal qila olmasligiga, dunyoning barcha mamlakatlari global birdamlikka muhtojligiga Oʻzbekiston toʻliq amin. Va Markaziy Osiyoning mazkur davlatida ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqirozning oldini olish uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu yerda “Salomatlik – hasham vositasi emas, balki insonning zaruriy huquqi” (JSST boshligʻi T.Gebreyesusning gapi) ekanligini barcha anglaydi. Hozirgi zamonaviy savdo munosabatlari sharoitida global inqirozni yengishning milliy yechimi boʻlmaganidek, “milliy iqtisodiyotni global iqtisodiy falokatga qarshi emlash mumkin emas”, tushunchasi ham mavjud emas.
Aytish joizki, bugungi kunda eng muhim masalalardan biri kam taʼminlangan davlatlar pandemiyadan tezda qanday qutulishidir. Mutaxassislarning fikriga koʻra, agar koronavirusga qarshi vaksinani keyingi 18 oy ichida dunyo boʻylab muvaffaqiyatli tarqatish imkoni boʻlsa, bir yoki ikki yil ichida inqirozgacha boʻlgan darajaga qaytish kutilmoqda.
Hamma mamlakatlarning imkoniyatlarini, barcha tegishli sohalarning innovatsion va tajribali olimlarini hamkorlik ruhida birlashtirish boshlangan tashabbuslarning bir-birini toʻldirishini maksimal darajaga koʻtaradi va dunyoga juda zarur boʻlgan koronavirus preparatlari hamda vaksinalarini ishlab chiqarishni tezlashtiradi.
Shu sababli, Oʻzbekiston xalqaro hamkorlik va koronavirusga qarshi zarur dori vositalari va vaksinalarni yaratish natijalaridan barcha birdek foydalanishi uchun boʻlgan barcha tashabbuslarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Nufuzli jahon forumida koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan taklif qilingan ekologik tashabbuslar orasida, avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasi hayoti bilan bogʻliq bir qator boshqa masalalar ham mavjud. Oʻzbekiston Respublikasi koʻplab muammolarni muvaffaqiyatli hal etishga intilayotgan suveren davlat modelini izchillik bilan barpo etmoqda.

Ales KARLYUKEVICH,
belarus adibi.
(Belarusda chop etiladigan “Zvyazda” gazetasining 29-sentyabrdagi sonidan olindi).

 

O’zA