“TECHNOWAYS” texnologik rivojlanish marafoni gʻoliblari taqdirlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tomonidan “Technoways” texnologik rivojlanish marafonining yopilish marosimi oʻtkazildi.
Marosimda ishtirokchilarning marafon davrida oʻrgangan koʻnikmalari asosida ishlab chiqqan loyihalarining prototiplari namoyish qilindi.
Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi 17-sentyabrdan boshlab mazkur dastur orqali oʻrta hamda oliy taʼlim muassasalaridan ilmga chanqoq iqtidorli yoshlarni innovatsiya, startap, texnologiya, dasturlash boʻyicha bilimlarni oshirish, shuningdek loyihalar ishlab chiqish hamda tijoratlashtirish koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha mashgʻulotlar, mahorat darslari va amaliy darslar oʻtkazdi.
“TECHNOWAYS” texnologik rivojlanish marafoni doirasida yoshlar 20 kun davomida robototexnika,3D prototiplashtirish, internet buyumlari, marketing, IT yoʻnalishlari boʻyicha 6 ta zamonaviy laboratoriyaning texnik imkoniyatlaridan foydalangan holda onlayn hamda amaliy tarzda oʻz loyihalarining protiplarini yaratdilar.
Eng yaxshi loyihalar tanlab olinib, gʻolib jamoalarga pul mukofotlari, esdalik sovgʻalari topshirildi.
Xususan, kotib vazifasini bajaruvchi robot yaratgan “Nova robotics” jamoasiga mashinasozlik-muhandislikka ixtisoslashgan “Mustahkam Machinery” kompaniyasi tomonidan 20 000 000 soʻm mukofot berildi.
“Enor-3” ixcham tezkor tejamkor elektromobilini ishlab chiqqan “Neuron engineering” jamoasiga Turin politexnika universiteti 15 000 000 soʻm mablagʻ bilan mukofotladi.
Shuningdek, dasturlash tilini oʻrganishga yordam beruvchi veb-ilovasini yaratgan “ALL IN IT” jamoasi esa 15 000 000 soʻm mablagʻni qoʻlga kiritdi.
Sanoat sohasida foydalaniladigan robot-manipulyator prototipini taqdim etgan “Unitech” jamoasiga “Just robotics” kompaniyasi tomonidan 10 000 000 soʻm pul mukofoti berildi.
Bundan tashqari, marafonining yakuniy bosqichiga yetib kelgan 11 ta jamoaga Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazining 1 yillik rezident maqomi berildi.

 

O’zA