Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining ramzi oʻzgardi

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida tashkilotning yangi ramzi taqdimoti oʻtkazildi.

Oʻzbekiston xalq shoiri, uyushma raisi Sirojiddin Sayyid yangi ramzni keng jamoatchilikka eʼlon qildi.

Uyushmaning yangi ramzi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020-yil 15-sentyabrdagi 125-buyrugʻi bilan qayta roʻyxatdan oʻtkazildi. Ushbu ramz Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faollar kengashining 2020-yil 28-avgustdagi yigʻilishida muhokama qilingan va tasdiqlangan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi ramzi ochiq kitob shaklida boʻlib, kitobning oʻrtasida quyoshning nur sochib turgan koʻrinishi, shuningdek, adiblarning asosiy ish qurolidan biri boʻlgan qalam (pero) tasvirlangan. Kitobning varaqlari siyoh rangida. Ramzda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi logotipi oʻzbek tilida, lotin harflariga asoslangan oʻzbek alifbosida yozilgan.

photo_2020-10-07_11-07-51.jpg

” OʻZBEKISTON YOZUVCHILAR UYUSHMASI” nisbatan kattaroq harflarda, shuningdek, nisbatan kichikroq harflarda ingliz tilida “UNION OF WRITERS OF UZBEKISTAN” tarjimasi berilgan. Ramzning ikki yon va pastki qismida koʻk rangli lentasimon bezak oʻtgan. Ramzning eng chetidan esa uning umumiy koʻrinishi, yaxlitligini taʼminlash uchun sariq chiziq tortilgan.

Ramzning yozuv-oʻquv taxtasi ustida ochiq daftar-kitob, qalamning quyosh qurshovida berilishi – mumtoz adabiyotimizdan bugungacha ijodkorlarning, adiblarning xalqimizga, umuman insoniyatga ziyo, maʼrifat taratishiga ishoradir.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi ramzi amaldagi qonun-qoidalar asosida ishlab chiqilgan. U uyushmaning ustavida koʻzda tutilgan ijodiy faoliyatning asosiy gʻoyalarini oʻzida aks ettiradi.

Ramz uyushmaning muhri va rasmiy ish qogʻozlari(blanka)da aks etadi, dedi soʻzga chiqqanlar.

Shuningdek, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi ramzi va muhri uyushmaning yuridik shaxs sifatida uning boshqa davlat va xoʻjalik tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar, bank munosabatlarida, barcha turdagi shartnomalarda, guvohnomalarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan rasmiy aloqalarda va boshqa rasmiy hujjatli munosabatlarda ishlatiladi.

 

D. Mamatova, OʻzA